Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, keyingi paytda jinoyatchilar aholining bankdagi pullarini talon-toroj qilishda yangi usullardan foydalanmoqda. Xususan, dasturiy apparat qurilmalari yordamida qonunga xilof tarzda bank kartasi yoki boshqa toʻlov kartalarining nusxasini yasash, soxtalashtirish orqali oʻzganing bank hisobidagi yoxud elektron toʻlov hamyonidagi pullari talon-toroj qilinmoqda.
Huquqni qoʻllash amaliyotidagi elektron maʼlumotlarni raqamli dalil deb topish va ish hujjatlariga qoʻshish bilan bogʻliq muammolar jinoyatni fosh etish bilan bogʻliq faoliyatda qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Shu munosabat bilan raqamli dalillarni qabul qilib olish, tekshirish va baholash tartibiga oid normalarni Oʻzbekiston Respublikasining tegishli qonunchilik hujjatlariga kiritish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalil tushunchasi, raqamli dalillarni aniqlash, toʻplash, taqdim qilish, tekshirish, baho berish, qayd etish hamda saqlash tartiblari, shuningdek mazkur jarayon ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilashni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi protsessual qonunchilikdagi boʻshliqlarni bartaraf etishga, yangi institutlarni joriy etishga, odil sudlov sifatini oshirishga, sud ish yurituvini takomillashtirishga, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilashga xizmat qiladi.
Qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi.