Xususan, bu boradagi ishlarga deputatlarning ham masʼulligi muammolarning tez fursatlarga hal etilishida katta ahamiyat kasb etayotir. Ayniqsa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining oʻz saylov okruglarida saylovchilar bilan oʻtkazayotgan uchrashuvlari chekka-chekka hududlarda ham islohotlarning boʻy koʻrsatishiga, qishloqlar ham koʻrkam qiyofa kasb etishida oʻzgacha shukuh baxsh etmoqda.
Kuni-kecha muhtaram Yurtboshimiz mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida oʻtkazgan yigʻilishda deputatlar zimmasida ham yuksak masʼuliyat borligini, xususan, mamlakatimizda hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirishga alohida eʼtibor qaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash ishlarining ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalari va mahalliy kengashlarga ulkan masʼuliyat yuklashini taʼkidladilar.
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari ham xalq bilan hamnafas yashab, ularning muammolariga yechim topishda jonbozlik koʻrsatmoqdalar.

Shu kunlarda joylardagi ijtimoiy muammolarni hal qilish, mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovchilar bilan uchrashuvlar olib bormoqdalar. 102-Quva saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputat Iqboljon Mirzaaliyev Quva tumanidagi ijtimoiy soha obyektlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari, tadbirkorlik subyektlarida boʻlib oʻz saylovchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazmoqda.
Xususan, tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda bosh shifokor Mavludaxon Mamarasulova tomonidan muassasani mukammal taʼmirlash, zarur sanitariya va tibbiy jihozlar bilan taʼminlash vazifalarini tegishli davlat dasturiga kiritish masalasi ilgari surildi.
Uchrashuvlar “Obidov” nomli qishloq oilaviy poliklinikasi, 17-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, 61-umumiy oʻrta taʼlim maktablarida ham tashkil etilib, saylovchilar tomonidan “Sanoatchilar” mahalla fuqarolar yigini ichki yoʻllarini taʼmirlash, qishloq oilaviy poliklinikasini zarur turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlash, tumandagi 31-umumtaʼlim maktabi hududida suzish xavzasi barpo etish va shu kabi oʻnlab masalalar koʻtarildi.
Uchrashuvlar davomida aholi vakillari tomonidan koʻtarilgan turli darajadagi ijtimoiy muammolar har tomonlama oʻrganilib, mutasaddi rahbarlarga tegishli koʻrsatmalar berildi, viloyat va respublika darajasida hal etiladigan masalalar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Sh.TOʻXTAMATOV,
OʻzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi matbuot kotibi.