Deputatlik faqat qoʻl koʻtarib tasdiqlash degani emas!

    Fikr 14 Iyul 2020 5221

    Bugun demokratik prinsip va tamoyillar asosida chinakam fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yoʻlida jamiyatimizda olib borilayotgan islohot va yangilanishlar sabab Parlament va mahalliy Kengashlar yangicha sharoit va uslubda faoliyat olib borayotir.

    Jumladan, Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi faoliyati misolida bu jarayonni kuzatish mumkin. Yaʼni mahalliy Kengashning aksariyat deputatlari bugun olib borilayotgan islohotlar mohiyatini, Prezidentning talab va istaklarini tushunib, har bir sessiyada savollar, takliflar va tanqidiy fikrlari bilan faol qatnashishmoqda.

    Bu imkoniyat va siyosiy faollik deputatlarimizga mahalliy Kengashlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ijro etuvchi hokimiyat idoralari faoliyati ustidan nazorat oʻrnatish va odamlarni oʻylantirayotgan muammolarni hal qilishda davlatimiz rahbarining tavsiya va koʻrsatmalaridan soʻng ancha jonlandi. Tan olish kerakki, bunday ochiqlik, shaffoflik, soʻz erkinligi va demokratik prinsiplar Prezident siyosiy irodasi bilan vobastadir. Afsuski, hali hanuz oʻz haq-huquqlari, masʼuliyat va majburiyatlarini toʻliq anglamagan, nomigagina qoʻl koʻtaradigan “sertashvish” deputatlar qatori mahalliy Kengashlar faolligini, ularning vakolatlaridan keng foydalanish imkoniyatlarini xushlamaydigan ayrim tashkilot va davlat organlari rahbarlari ham bor.

    Deputatlik maqomi oʻzgarmoqda, biroq...

    Mamlakatimizdagi tub islohot va yangilanishlar jarayonida barcha sohalar qatori Parlament ham mutlaqo yangicha ish uslubida faoliyat olib borayotir. Ochiqlik, adolat va ustuvor maqsadlar sari yangi davrni yuzaga keltirayotgan bu ishlar shubhasiz, oʻzining samarali natijalarini berayotir. Davlatimiz rahbari joriy yilda Parlamentga yoʻllagan Murojaatnomalarida “Yangi Parlament va hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi — Oʻzbekistonda yashayotgan koʻp millatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat boʻlishi shart”, degan vazifani qoʻydilar. Xoʻsh, hamma deputatu senatorlar xalq farovonligi, ertangi yorugʻ kelajagi, baxtli yashashlari uchun oʻz masʼuliyatlarini biladilarmi? Haq-huquqlaridan toʻliq foydalan olyaptilarmi?

    Gap shundaki, yuqoridagi savollarning javobi deputatlik maqomi bilan belgilanadi. Deputatlik maqomining nima ekanligi va uning qanday vazifalari, huquq hamda majburiyatlari mavjudligi qonun hujjatlariga aniq belgilangan boʻlsada, aksariyat kishilar, “deputatlar tasdiqlash, qoʻl koʻtarish, uzundan uzun hisobotlarni eshitishdan nariga oʻtisholmaydi”, degan notoʻgʻri fikrlarga borishadi. Hatto oʻzimizga ham “siz deputat boʻlib, nimani qoyillatdingiz?”, degan savollar ham berishadi. Bu savollar ohangidan deputatga nisbatan ishonchsizlik borligini sezish mumkin. Biroq bunday kayfiyat va ishonchsizlik ancha kamaymoqda, aholi muammolari va takliflari bilan deputatlarga murojaat qilishmoqda, talab qilishmoqda. Masalaning nozik tomoni esa oʻsha talab, taklif, murojaatlarning ijobiy hal etilishidadir. Ana shunga qarab deputatga ishonch koʻrsatgichi aniqlanadi.

    Nima uchun deputatga ishonch susayadi?

    Savolning javobi oddiy – qachonki deputat xalq kutgan natijani berolmasa. Yaʼni saylovchilarining ijtimoiy manfaatlaridan kelib chiqadigan takliflari, talablari, masalalari ijobiy hal etilmasa, muammolarga oʻz vaqtida yechim topilmasa, xalq vakiliga ishonch susayadi. Bu holatda nuqul deputatni ayblash toʻgʻri emas. Sababi xalq koʻtarayotgan masalani ijobiy hal etilishida ijro etuvchi hokimiyat hamisha qodir emas. Masalan, biz xalq vakili sifatida shahardagi mahallalarning birida aholi bilan uchrashuv oʻtkazdik. Ular, bir masalani qoʻyishdi va keyin qoʻshimcha qilishdi: shu muammoni hal qilib bersangiz, sizdan minnatdor boʻlamiz, haqiqatan, keyin sizga ishonamiz, qoʻllab-quvvatlaymiz... Afsuski ular koʻtargan masalani biz deputatlik soʻrovi joʻnatib ham hal etolmaymiz. Bu imkonsiz. Natija nima boʻladi? Nolga tenglashadi. Xoʻsh, nima qilish kerak?

    Birinchidan, deputatlik vakolatini aholiga koʻproq tushuntirish kerak

    Ikkinchidan, qaysi masala qay darajada hal boʻlishini uqtirish lozim

    Uchinchidan, xalqning siyosiy faolligi barobarida siyosiy saviyasini ham oshirish darkor.

    Yaʼni xalq va uning vakillari oʻrtasida toʻgʻri talab va taklif qonuniyati amal qilishi muhim.

    Inkor etmayman, nuqul qoʻl koʻtarib, qarsakbozlik qilib, muhokamalarga qoʻshilmasdan, “sizniki maʼqul”, deb ijro etuvchi hokimiyat organiga maddohlik kayfiyatida boʻlgan deputatlar ham yoʻq emas. Aynan shularning “sharofati” bilan ham deputatlarga boʻlgan ishonch susayadi. Biroq, oʻylaymanki, bugungi ijtimoiy-siyosiy islohotlar davomida bu kabi “qoʻl koʻtargich kishilar” oʻz oʻrinlarini haqiqiy vatanparvar, el dardi bilan yashaydigan, tashabbuskor va bilimli shaxslarga boʻshatib berishadi.

    Ishonchni oqlash uchun...muruvvatdan koʻra, muhabbat muhim!

    Aslida muhabbati bor shaxsda muruvvat ham boʻladi. Biroq koʻpincha muruvvat orqali muhabbatini, sadoqatini namoyon etish holatlari kuzatilmoqda. Chunonchi, xalqning ishonchini oqlab eʼtiboriga tushish uchun ayrim deputatlar muruvvat koʻrsatish, saxovatpeshalikni ixtiyor etishdi. Bunga hech qanday eʼtirozimiz yoʻq, agar bu holat xolis boʻlsa, imijni koʻtarish, ish qilayotganini koʻrsatish, kimlargadir yoqish uchungina boʻlmasa. Sababi, ayrim xalq vakillari oʻzlarining qonuniy faoliyatlari va vazifalarini bajarish oʻrniga, nuqul muruvvat koʻrsatish bilan ovora boʻlib qolgandek tuyuldi, rosti. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan quyidagi sarlavhalar fikrimiz isbotidir: “Deputat 70 nafar oilani roʻzgʻor mahsulotlari bilan taʼminladi” “Deputat 110 ta xonadonning qarzdorligini boʻyniga oldi! “Uysiz qolgan fuqaro deputat yordami bilan boshpanali boʻldi” “Deputat shifokorlarga koʻmaklashmoqda” “Deputat 230 ta ehtiyojmand oilaga koʻmak berdi”, “Deputat qariyb mingta oilaga bepul un tarqatdi”, “Deputat ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga uy qurib beradigan boʻldi” va h.k. Afsuski, mahalliy Kengash deputatlari misolida “Deputatlar hisobotni qabul qilishmadi”, “Deputatlar sabab qarorga oʻzgartirish kiritildi”, “Deputatlar adolat tiklanishiga sababchi boʻlishdi”, kabi sarlavhalarni deyarli oʻqimaymiz. Nima uchun? Chunki yangilanayotgan Oʻzbekistonda parlament tizimida, umuman, barcha sohada ochiqlik va shaffoflik uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan boʻlsada, aksariyat deputatlar oʻzlarida erkinlikni cheklayotgandek tuyuladi. Yana oʻsha savol: nima uchun?

    Uyquni qochirib, sergaklashtirayotgan mahalliy Kengashlar...

    “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 24-moddasida koʻrsatilgan Xalq deputatlari Kengashining vakolatlari doirasida deputatlardagi ijro hokimiyatini nazorat qiluvchi vakolatlarini birma-bir tahlil etib chiqsak, bu borada ayrim masalalar ochiq qolayotgani, baʼzi bir vakolatlar majburiyat sifatida keltirilganini anglash mumkin. Masalan: Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining asosiy vakolatlari “...hokimning taqdimiga binoan, hududni rivojlantirishning istiqbolga moʻljallangan dasturlarini, tuman, shaharning bosh rejasi va uni qurish qoidalarini tasdiqlash; Mabodo oʻzgartirish kiritish, rad etish (hokimning taqdimiga nisbatan) holati yuzaga kelsachi? Mazkur qonuning keyingi bandlarida: “hokimni va uning oʻrinbosarlarini lavozimga tasdiqlash, hokimni va uning oʻrinbosarlarini lavozimdan ozod etish, ularning faoliyatiga doir hisobotlarini, shuningdek hokimlarning viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlarini tinglash;”Aslida, ijro etuvchi organlarining mahalliy Kengash oldida hisobot berishlari, tan olish kerak, chinakam demokratik tamoyilning amal qilishini bildiradi. Biroq hisobotning haqqoniyligi, ishonchlilik darajasi, uni hisobot sifatida qabul qilish yo qilmaslik kabi masalalar nazarimizda ochiq qolgan.

    Yana bir bor takrorlayman, mahalliy Kengashlar ancha faollashmoqda, uyquchilarni “uygʻotib”, ancha sergaklashtirmoqda ham. Yaqinda shahar Kengashi sessiyasida bir qancha masalalar boʻyicha hisobotlar tinglandi, qarorlar muhokama uchun oldindan taqdim etildi. Ayrim deputatlar fikr-mulohazalarini bildirishdi, biroq vaziyat va natija oʻzgargani yoʻq –hisobot ham berildi, qaror ham qabul qilindi. Boshqa mahalliy Kengashlarga nisbatan menimcha Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi sessiyalari ancha munozarali, savol-javob va qizgʻin kechadi. Yaxshi takliflar va fikrlar ham paydo boʻlib qoladi. Behudaga Prezidentimiz bu borada Samarqand oʻziga xos maktab yaratishi kerak, namunali Kengash boʻlishi darkor, degan masalani qoʻymaganlar. Biroq boshqa hududlardagi deputatlar bilan muloqotda boʻlib, amin boʻlamizki, hamma joyda ham bunday holat mavjud emas.

    Agar mahalliy Kengash yigʻinlari va sessiyalarida ochiqlik, shaffoflik va siyosiy faollikni kuchaytirishni istasak, albatta bu jarayonlar onlayn rejimda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda koʻrsatilishi lozim. Bahonada koʻpchilik rahbarlarimiz va xalq vakillarimizning siyosiy saviya va siyosiy bilim darajalari oydinlashardi. Bu borada Oliy Majlis senati zoʻr namuna koʻrsata oldi. Parlamentning vakolatlari kengaytirilib, uning zimmasiga yuklatilgan vazifalar qay darajada bajarilayotgani, Oliy Majlis Senati faoliyati sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilganini kuzatish mumkin.

    ...faqat hokim javobgar emas

    Fuqarolik jamiyati asoslaridan biri xalq irodasi boʻlsa, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy-ruhiy holatiga faqat hokim javobgar yo masʼul emas. “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining mohiyatini chaqsak, viloyat, shahar va tumanlardagi muammo va masalalarda mahalliy hokimlik rahbariyati qatori xalq vakillari, yaʼni xalqning xohish-irodasi bilan saylangan deputatlar ham masʼuldirlar. Shunday ekan, bu borada muvozanat muhim rol oʻynaydi. Nuqul hokim qaror qilgan, koʻrsatma bergan, rejalashtirgan masalalarni koʻrish, qarorlarini qabul qilish emas, deputatlar ilgari surgan, eʼtiroz bildirayotgan, taklif etayotgan masalalar amalda ham eʼtiborga olinishi kerak. Bu borada ham ancha ijobiy oʻzgarishlar bor, ammo muammolar ham talaygina. Masalan, yaqinda bir deputat shahar hokimining qurilish, sanoat boʻyicha oʻrinbosariga iltimos ohangida murojaat qilayotganiga guvoh boʻldim: “Iltimos, men saylangan okrugning yoʻllarini taʼmirlashni rejaga kiritsangiz..taʼmirlab bersalaringiz. Axir aholi oldida ham sal yuzimiz yorugʻ boʻlar edi..” Mana, muammo qayerda! Gap shundaki, deputatlar istaymizmi-yoʻqmi koʻpgina masalalarda hali hanuz ijro etuvchi hokimiyatning “ogʻziga qarab qolishgan”. Bu holatni bartaraf etish uchun bosqichli islohotlar zarur. Yaʼni to hokim Kengash raisi sifatida saqlanar ekan, deputatlarimizning chinakam mustaqilligi va erkinligiga erisha olmaymiz.

    Hokimning Kengash raisi maqomini bekor qilish jarayoni boshlanishi uchun ham choralar koʻrilmoqda. Albatta, bu tizimga zinama-zina, tajriba va koʻnikmalarni shakllantirish, sharoitlarni oʻrganib oʻtish maqsadga muvofiqdir. Yaʼni koʻriladigan choralar, qabul qilinadigan qaror va ishlab chiqiladigan qonunlar amalda oʻzini toʻliq namoyon etib, aholi ongida “hokim” va “deputat” tushunchalari yangilanishi kerak. Ana shunda amaliy natijalarga erishgan boʻlamiz. Tizim shunday shakllangan boʻlishi kerakki, boshqaruv toʻliq hokim zimmasida boʻlsada nazorat qilish mahalliy Kengash zimmasida turishi lozim.

    Agar hokim deputatlarga raislik qilishi vakolatini bekor qilsak, Kengash raisi saylansa, fuqarolik jamiyati rivojlanishining yangi bosqichiga oʻtgan boʻlamiz. Qolaversa, hududiy rahbarlar oʻzgargani bilan strategik vazifalar, maqsadlar oʻzgarmaydi.

    Oʻzbekiston yangi marralar sari oldinga ildamlamoqda. Izlanish, ragʻbat, ijod barobarida erkinlik bu borada muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda. Yangi davr, yangicha ruh va istiqbolli loyihalar samarasidan Vatanimiz bilan shu yurtning farzandi ekanligimiz bilan faxrlansak arziydi. Tarix zarvaraqlarida bu yillar Oʻzbekistondagi yangi uygʻonish davri sifatida ham yozilajak. Buning uchun esa har birimiz fuqarolik pozitsiyamizga qatʼiy turib, bilimimiz, mehnatimiz, jasorat va sadoqatimiz bilan xalqparvar, Vatanparvar shaxs sifatida xalqning dardi va Yurt ravnaqi tashvishi bilan yashashimiz kerak.

    Bahodir RAHMONOV,

    falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori,

    Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati