Dalmun mahallasida istiqomat qiluvchi S.Rajabovaning farzandiga nafaqa to'lash masalasi joyida hal qilindi. Oydin mahallasi Jo'yimo'min qishlog'iga qo'shimcha 100 KVt transformator o'rnatilishi belgilandi. Fuqaro SH.Hotamov “Etti pir” ziyoratigohiga keksalarning safarini uyushtirish bo'yicha qilgan murojaatiga tezda echim topildi. Buning uchun 29 mart kuni alohida avtobus ajratiladigan bo'ldi.
Bu Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jahongir SHirinovning Jondor tumani “Dalmun”, Ibn Sino, “Luqmon”, “Oydin”, “Jamiyat”, “Mirzayon” va “Romish” mahallalari aholisi bilan uchrashuvida erishilgan natijalardan bir shingil, xolos.
Deputatning aholi bilan bo'lgan uchrashuvlarida ichki yo'llarni ta'mirlash, toza ichimlik suvi, drenaj ishlari bo'yicha ham ko'plab murojaatlar bo'ldi. Barcha masalalar nazoratga olinib, ayrimlari bo'yicha deputatlik so'rovi yo'llanadigan bo'ldi. SHuningdek, deputat 22-son oilaviy poliklinika shart-sharoitlari bilan ham tanishdi.
– Prezidentimiz mas'ullarni bejiz “Mahallabay” ishlashga da'vat qilayotgani yo'q va bu bilan ko'plab muammolar aniqlanib, echim topilmoqda, – dedi deputat Jahongir SHirinov. – Masalan, tumandagi 20-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotida qulflangan tibbiy xonani hatto hamshiraning o'zi ham ocha olmaganini qanday baholash mumkin?! SHunday paytda tibbiy yordam zarur bo'lib qolsa, nima bo'ladi? eng achinarlisi, bolalarga ertalabki nonushtaga sutli bo'tqa berilishi lozim bo'lsa-da, amalda berilmayotganini aniqladik. Nahot, MTT mutasaddilari bolalar haqqidan qo'rqmasa.