Bugungi kunda Sirdaryo viloyat dermatovenerologiya va kosmetologiya dispanseri xodimlari Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda teri-tanosil kasalliklarini barvaqt oldini olish, davolash yuzasidan izlanishlar olib boryapti.
Aholi orasida sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyish, dermatovenerologik kasalliklar, uni barvaqt aniqlash, sohaga ilgʻor diagnostikka usullarini tatbiq etish va davolashning samarali tizimini yoʻlga qoʻyish, tibbiy kosmetologiyani rivojlantirish, kadrlar salohiyatini oshirish masalasi bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri boʻlib turibdi.
Buni soʻngi yillarda ob-havo, nosogʻlom turmush tarzi tufayli tanosil va teri kasalliklar, allergik kasalliklar bilan kasallanayotgan fuqarolar soni tobora ortganligidan ham bilsa boʻladi. Bu borada Sirdaryo viloyat dermatovenerologiya va kosmetologiya dispanseri xodimlari Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va u yerda faoliyat olib borayotgan olimlar va malakali mutaxassislar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, tanosil va teri kasalliklarini barvaqt oldini olish, davolash yuzasidan izlanishlar olib boryapti. Ular ilgʻor tajribalarni oʻrganyapti. Seminarlar, qisqa oʻquv kurslarni tashkil etib, tajriba almashinyapti. Natija ham shunga yarasha.
Bugun ham viloyat dermatovenerologiya va kosmetologiya dispanserida “Dermatologiya amaliyot maktabi” mavzusida navbatdagi mahorat darsi tashkil etildi. Unda Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yetakchi ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor A. Raxmatov ishtirok etib, soha xodimlarini bilim va koʻnikmalarini yana-da shakllantirishga amaliy yordam beribgina qolmay, dispanserda davolanayotgan bemorlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi. Bu esa ikki tomon uchun ham foydali boʻldi.
Muhimi, oʻtkazilayotgan mahorat darslari, seminar-treninglar orqali Sirdaryolik shifokorlar oʻz tajribasini oshiribgina qolmay, kasalliklarni barvaqt aniqlab, tashxis qoʻyishda va davolashda samarali foydalanyapti, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.