Haftaning birinchi yarmida Oʻzbekiston hududi Eron hududidan keladigan yozgi harorat qiymatlariga xos boʻlgan juda issiq havo taʼsirida boʻladi. Koʻpchilik viloyatlarda quruq, asosan kam bulutli ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat respublikaning togʻli hududlarida momaqaldiroq bilan mahalliy yomgʻirlar yogʻadi.

Kunduz kungi havo harorati 32-35° gacha, janubda va choʻl hududlarida 38° gacha koʻtariladi, bu oʻrtacha koʻp yillik qiymatlardan 5-8° koʻpdir, biroq bu qiymatlar ushbu kunlar uchun haroratning mutloq maksimumidan kam. Eng iliq yillarda ushbu muddatlarda kunduzgi havo harorati 38-40° gacha, janubda 40-42° gacha koʻtarilgan.

Haftaning oxiriga kelib, harorat 27-30° gacha pasayadi, bunday holat Qozogʻiston hududlaridan salqin havo kirib kelishi bilan bogʻliq boʻladi.

20-21-mayda respublikaning baʼzi joylarida shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

Oʻzgidromet 17-20-may kunlarida respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida mahalliy yomgʻirlar yogʻishi hisobiga sel xavfi haqida ogohlantiradi.