Mazkur loyihaning umumiy qiymati 2 million 260 ming AQSH dollariga teng boʻlib, tayyorlanayotgan qurilmalar zamonaviy shaharsozlik talablariga mos hisoblanadi.
Korxona faoliyatini koʻchma mobil bio-hojatxonalar ishlab chiqarish bilan boshlagan boʻlib, mamlakatimizda pandemiya tufayli karantin eʼlon qilingach, aholi va avtomobillarni dezinfeksiya qiluvchi moslamalarni tayyorlashni ham yoʻlga qoʻydi.
– Infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida tashkilotlar, shifoxonalar va supermarketlar binolari, bozorlar hamda boshqa jamoat joylariga kirayotgan fuqarolarni dezinfeksiyadan oʻtkazish uchun maxsus moslama tayyorlashga kirishdik, – deydi korxona rahbari Asliddin Toʻqsonov. – Dastlab bunday moslamalarni buyurtmaga koʻra, viloyatdagi korxona va tashkilotlarning kirish qismiga oʻrnatishni boshladik. Keyinchalik avtomobillarni dezinfeksiya qiluvchi “Portal-AVT” uskunalarini ham ishlab chiqarishga kirishdik. Hozir bir kunda 10 -100 tagacha ana shunday qurilmalar tayyorlanib, hududlarga olib borib, oʻrnatib berilyapti.
Taʼkidlash lozimki, bunday dezinfeksiya uskunalari chegara postlarida yengil va yuk tashuvchi transportlarga qisqa vaqt ichida kimyoviy ishlob beradi. Shuningdek, ushbu moslamalarni bir hududdan ikkinchisiga koʻchirish ham qulay hisoblanadi.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, korxona uskunalariga boʻlgan talab katta. Qurilmalarga buyurtmalar asosan respublikamiz barcha hududlaridan tushmoqda.