Joriy yilning 8-oktyabr Toshkentda boʻlib oʻtgan brifingda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan prezident saylovlari boʻyicha YEXHT ning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi missiyasi 15-sentyabrdan 5-oktyabrgacha boʻlgan oraliq hisobotini taqdim etdi. Hujjat YEXHT saytida eʼlon qilindi.

Missiya aʼzolari Oʻzbekistondagi saylovlar yangi demokratik va erkin Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar sharoitida oʻtkazilayotganini qayd etishdi.

Hujjatda har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, xususan, Oʻzbekistonda fuqarolarning xohish-istaklarini mustaqil ifoda etishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha olib borilayotgan muhim ishlarga alohida eʼtibor qaratilgan.

Masalan, aholining boʻlajak saylovlardan xabardorligini oshirish maqsadida, MSK “Saylov-2021” ilovasini ishlab chiqdi. Unda saylovchi qaysi saylov uchastkasida roʻyxatdan oʻtgani va qayerda ovoz berishi mumkinligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni topishi mumkin. Bundan tashqari, ilovada “oʻquv materiallari” boʻlimi ham mavjud boʻlib, saylovchi uning yordamida oʻzining huquq sohasidagi bilimlarini mustahkamlashi mumkin.

Hujjatda shuningdek, saylov kampaniyasining oshkoraligi ijobiy baholanadi. Xususan, MSKning barcha yigʻilishlari ochiq oʻtgani, onlayn rejimda yoritib borilgani, MSK qarorlari chop etib borilgani, saylov oʻtkazish kunlari muddatiga amal qilingani alohida qayd etiladi.

Hisobot mualliflari nogironlar huquqlariga ham alohida eʼtibor qaratishgan. Ularning qayd etishicha, Oʻzbekistonda alohida ehtiyojli shaxslarning mamlakat siyosiy hayotida kamsitilmaydigan ishtirokini kafolatlaydigan yangi Qonun qabul qilinganini taʼkidlaydilar.

DIIHB Missiyasi eʼtiborini tortgan yana bir yoʻnalish – saylov komissiyalarini tuzishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratish masalasidir. Natijada, okrug saylov komissiyasi tarkibidagi xotin-qizlar soni 39%ni, uchastka saylov komissiyasi tarkibidagi xotin-qizlar soni - 46% ni tashkil etadi.

Eslatib oʻtamiz, MSK taklifiga koʻra, prezident saylovlarini kuzatish uchun YEXHT ning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi missiyasi Oʻzbekistonda boʻlib turibdi. Irlandiyalik diplomat Ouen Myorfi boshchiligidagi Missiya 14-sentyabr kuni Toshkentda joylashgan 11 nafar kishidan iborat asosiy guruh va 24-sentyabrda mamlakatimizning barcha viloyatlariga taqsimlangan 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilardan tashkil topgan. Missiya aʼzolari YEXHT ga aʼzo boʻlgan 26 ta mamlakatdan jalb qilingan. Shuningdek, saylovlarda ovoz berish, ovozlarni sanab chiqish va saylov yakunlarini chiqarishni kuzatish uchun YEXHT ga aʼzo mamlakatlardan yana 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilarning yurtimizga tashrif buyurishi kutilmoqda.