Dilimiz ezgulik va duoga toʻlsin!

    Fikr 27 Iyul 2020 2228

    Xalqimiz, ming shukrlar boʻlsinki, yana bir ulugʻ kunni – Qurbon hayitini qarshi olmoqda. Sinovlarga boy kechayotgan mazkur yilda bu gal bu qutlugʻ bayramni biroz boshqacha tarzda nishonlashga majburmiz.

    Negaki, butun dunyo ahli salomatligi va hayotiga koronavirus pandemiyasi jiddiy tahdid solib turibdi. Ammo bu xalqimiz qalbidagi bayram shukuhi, tarovatini aslo soʻndira olmaydi, ezgu amallarimizga toʻsiq boʻlolmaydi.

    Shu yilning 24-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi va unga koʻra, 2020-yil 31-iyul Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanishi belgilab qoʻyildi. Ushbu qaror oʻzida xalqimizning xayru saxovat, mehr-oqibat, insonparvarlik singari azaliy anʼana va qadriyatlarini asrab-avaylash, ezgu niyat va orzu-intilishlarini qoʻllab-quvvatlanayotganiga yana bir dalil, albatta.

    Qarorda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyichaqoʻmitaga jamoat hamdategishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Qurbon hayitini karantin talablariga rioya qilgan holda, xalqimizning milliy va diniy anʼanalari mos ravishda nishonlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

    Shu boisdan shu yil 25-iyul kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisidagi bayonoti eʼlon qilindi. Ushbu bayonotda taʼkidlanishicha, koronavirus pandemiyasi sabab karantin holatida hayit namozi oʻqilmayotgani uchun qurbonlikni tong otgandan boshlab qilish joiz. Yurtdoshlarimiz hayit kuni bomdod namozini oʻqiganlaridan soʻng, quyosh chiqqandan keyin 4 rakat Zuho namozini oʻqib, keyin qurbonlik qilsalar, yanayam savobli boʻladi. Qurbonlik qilish hayitning 3-kuniga qadar davom etadi. Qurbonlik goʻshti uchga taqsimlanib, bir qismi – yaqin qarindoshlarga, yana bir qismi – kambagʻal va muhtojlarga tarqatish, qolganini – oila ahliga olib qolish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada koʻpchilik boʻlsa, uyda qoldirsa ham boʻladi.

    Oʻz navbatida, yurtdoshlarimizdan bu yilgi Qurbon hayiti karantin sharoitida nishonlanayotgani inobatga olib, odamlar jamlanishiga sabab boʻladigan urf-odatlarni tashkil etmaslik, uyma-uy yurib, turli xil azaxonliklar, maʼraka-marosimlarni oʻtkazmaslik va qabristonlar ziyoratidan saqlanish soʻraldi. Xonadonda, oila-aʼzolari bilan birga Qurʼoni karim oyatlaridan tilovat qilib, oʻtganlarimiz ruhi poklariga baxshida etish tavsiya etildi. Imom-xatiblar tomonidan bugungi pandemiya sharoitidan kelib chiqib, Qurbon hayiti xonadonlarimizga quvonch, yurtimizga fayzu baraka kirishi, bir-birimizga boʻlgan mehr-oqibatimizni yana-da ziyoda boʻlishiga sabab ekani toʻgʻrisidagi targʻibot ishlari amalga oshirish belgilab qoʻyildi.

    Aziz hamyurtlar, sezib turganingizdek, bularning barchasi sizu bizning salomatligimizni asrash, koronavirus infeksiyasining keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadini nazarda tutadi. Hali bu sinovli kunlar ortda qoladi. Xudo xohlasa, keyingi hayit ayyomlarini yana jamoat boʻlib nishonlash baxtiga muyassar boʻlamiz. Faqat buning uchun bugun karantin qoidalariga qatʼiy rioya etishimiz lozim. Mana shunday qutlugʻ kunlarda duolarimiz yana-da koʻpaysin, xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan Oʻzi saqlasin!

    Barchangizga yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti muborak boʻlsin!

    Musoxon ABBASIDDINOV,

    Namangan shahar bosh imom-xatibi.