Maʼlum qilinishicha, oʻtkazilgan tahlillarga koʻra, internet va ijtimoiy tarmoqlarda “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni koʻrsatish bilan bogʻliq reklama axborotlari faollashganligi, tegishli litsenziya va ruxsatnomalar boʻlmagan holatda ushbu xizmatlar reklama qilinayotgani kuzatilmoqda.
Jumladan, turoperatorlar tomonidan oktyabr dekabr oylarida Umra ziyoratiga yuborish boʻyicha xizmatlar keng reklama qilinayotgani qayd etilmoqda.
2024-yil 2-iyulda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq litsenziyaga ega boʻlgan turoperatorlar tomonidan “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarni koʻrsatish joriy yil 5-oktyabrga qadar amalga oshiriladi.
Bunda, Din ishlari boʻyicha qoʻmita mazkur sohadagi litsenziyalovchi vakolatli organ sifatida belgilandi. 2024-yil 5-oktyabrdan soʻng “Umra” xizmatini koʻrsatish boʻyicha barcha turdagi faoliyat noqonuniy hisoblanadi.
Ushbu qonunbuzarlik uchun litsenziya olish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (68 mln soʻm) etib belgilangan.
“Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid xizmatlarini litsenziyaga ega boʻlmagan subyektlar tomonidan koʻrsatish taqiqlangan.
«Hurmatli fuqarolar, Din ishlari boʻyicha qoʻmita ziyoratchilarimizni «Umra« amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun ogoh boʻlishlari va keyinchalik turli koʻngilsiz holatlarga tushib qolmasligi maqsadida ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishlarini tavsiya etadi, deyiladi bayonotda.