Oltiariq tumanida yashovchi Abdumutal Abdurahimov Rossiya Federatsiyasida ishlab yurgan vaqtida islom diniga qiziqishi tufayli internet orqali turli maʼruzalarni eshitgan.

Xususan, u “Hizb at-tahrir al-islomiy” diniy terroristik tashkiloti tarafdorlarining Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi tuzumini Konstitutsiyaga xilof ravishda oʻzgartirishga xizmat qilishga qaratilgan maʼruzalaridagi aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan video va audio materiallarni eshitib, ularning taʼsirida ekstremistik gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlab kelgan.

U Telegram messenjeri orqali oqim tarafdori M. A. bilan aloqa qilib, yozishmalar olib borgan. “Hizb at-tahrir al-islomiy” diniy ekstremistik oqimiga aʼzo boʻlib, ularning kitoblaridan virtual taʼlim oladi.

“Hizbiy xalqa”da virtual tarzda olgan diniy saboqlari natijasida diniy aqidaparastlikka berilib, uning gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlagan. Mazkur diniy tashkilotga sodiqlik qasamyodini qabul qiladi hamda oylik daromadidan aʼzolik badali toʻlab kelgan. Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda diniy oqimning gʻoyalarini faol targʻib qiladi.

Oltiariq tumaniga qaytib kelgach, Telegramda turli guruhlarni tashkil qilgan hamda oʻzining tanishlarining profillarini bu guruhga qoʻshgan. A. Abdurahimov aqidaparastlik gʻoyalaridan saboq berib kelgan. Shuningdek, u faoliyatini davom ettirib, bir necha shaxslarni ham guruhiga jalb etadi hamda diniy oqimning materiallarini tarqatgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida A. Abdurahimovning qilmishlari fosh boʻldi. Uning telefonidan olingan ashyoviy dalillar diniy oqimning materiallari ekanligi tasdigʻini topdi. Jinoyat ishlari boʻyicha Bagʻdod tuman sudining hukmiga koʻra, u 12-yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.