Albatta, ertangi buyuk kelajakni, farovon hayotni barpo etishda, eng avvalo yoshlarimizni vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash ustuvor ahamiyatga egadir. Shu bois, yurtimizdagi barcha davlat idoralari, davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan yoshlarimizni ong, tafakkurini yanada yuksaltirish yoʻlida bir qancha targʻibot–tashviqot ishlari olib borilyapti.

Ayniqsa, yoshlarimizni turli diniy oqimlar taʼsiriga tushib qolishini oldini olish, bugungi davr vabosi boʻlib kirib kelgan psixotrop moddalarni isteʼmol qilishdan va uning taʼsiriga tushib qolishdan saqlash har birimizning Vatan oldidagi muqaddas burchimiz boʻlishi darkor. Yurtimizning qaysi goʻshasiga bormaylik, yoshlarni sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi tadbirlarga koʻzingiz tushadi.

Jumladan, Toshkent shahridagi Adju universitetida davlat idoralari masʼullari hamda yoshlar ishtirokida oʻtkazilgan “Diniy ekstremizm va terrorizm taraqqiyot kushandasi” deb nomlangan tadbir ham yoshlar hayotidagi unutilmas voqeaga aylandi. Tadbirda soʻzga chiqqan, Yashnobod tumani ichki ishlar boʻlimi boshligʻi O.Qosimxoʻjayevning taʼkidlashicha, yoshlarimizni bunday zararli odatlardan saqlashda nafaqat huquq-tartibot idoralari, balki shu yurtning barcha fuqarolari oʻz hissasini qoʻshishi kerak.

— Yashnobod tumanida joriy yilning oʻtgan davrida 24 ta maʼmuriy holat aniqlanib, 31 nafar shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik qoʻllanilganligi barchamizni bugungi zamonning ogʻusi boʻlmish psixotrop moddalarni yoshlarimiz tomonidan isteʼmol qilinib kelinayotganidan dalolat beradi, — deydi O.Qosimxoʻjayev.

Shuningdek, tadbirda soʻzga chiqqan Yashnobod tumani prokurori oʻrinbosari X. Rahmatullayev psixotrop moddalar yoshlarimizni nafaqat zaharlashi, shu bilan birgalikda bir qancha jinoyatlar sababchisi boʻlib qolishiga olib kelayotganligini afsus bilan taʼkidlab oʻtdi. Tadbir soʻngida ishtirokchilarga videoroliklar namoyish etilib, Yashnobod tumani IIO FMB TEQKB tezkor vakili mayor G.Ruziyevaning terrorizm jinoyatining salbiy oqibatlari mavzusidagi maʼruzasi oʻqib eshittirildi.

Toshkent shahridagi Adju Universitet matbuot xizmati