Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida respublikamiz taʼlim muassasalarida dinshunoslikka oid fanlarni oʻqitishni yanada takomillashtirish hamda mavjud muammolarni hal qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash maqsadida “Dinshunoslikning dolzarb muammolari” mavzusidagi anʼanaviy respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Mazkur konferensiyani oʻtkazishdan asosiy maqsad oʻlaroq, dinshunoslik, tarix, falsafa, xalqaro munosabatlar singari dunyoviy taʼlim yoʻnalishlari hamda Qurʼon ilmlari, hadisi sharif, islom huquqi, tasavvuf, islom tarixi, manbashunosligi kabi diniy taʼlim yoʻnalishlari bilan bogʻliq fanlarni rivojlantirishga oid amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar natijalari bilan ilmiy jamoatchilikni tanishtirish, respublikamiz taʼlim muassasalarida dinshunoslikka oid fanlarni oʻqitishni yanada takomillashtirish hamda mavjud muammolarni hal qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash koʻzda tutildi.

Zoom dasturi orqali onlayn va oflayn formatda oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Zohidjon Islomov Akademiya rektori Muzaffar Komilovning anjuman ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi. Shuningdek, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari Oʻtkirbek Hasanboyev, UNESCO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi bosh kotib oʻrinbosari Sayidafzal Mallaxonov tabrik soʻzlari bilan qatnashib, konferensiyaga ishiga muvaffaqiyat tilashdi.

Bu yilgi konferensiyaga xorijiy davlatlar ilmiy va oʻquv muassasalaridan mutaxassislar ham taklif qilindi. Chunonchi, Nur-Muborak Misr islom madaniyati universiteti (Qozogʻiston), Ozarbayjon ilohiyot instituti (Ozarbayjon), Shvalmshtadt ijtimoiy pedagogika kolleji (Germaniya) va Rossiya davlat neft va gaz universiteti mutaxassislari anjuman ishtirokchilarini dinshunoslikka oid mavzular tadqiqi va taʼlimi yuzasidan erishgan yutuqlari bilan tanishtirib, oʻz tajribalarini ulashdilar.

— Konferensiyaga kelib tushgan dinshunoslik, islomshunoslik, tarix, falsafa, din psixologiyasi kabi ijtimoiy fanlar yoʻnalishiga oid turli ilmiy maqolalar mazkur anʼanaviy anjumanning toʻplamidan oʻrin olgan, — deydi akademiya “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy oʻrganish UNESCO” kafedra mudiri Mahfuza Alimova. — Toʻplam respublikamizdagi oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida dinshunoslik fanlari boʻyicha dars beruvchi professor-oʻqituvchilar, pedagoglar, dinshunoslik sohasi boʻyicha koʻzga koʻringan olimlar, shuningdek, islomshunos, sharqshunos, manbashunos, tarixchilar, yosh ilmiy tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari asosida yozilgan 100 ga yaqin maqolalarni oʻzida jamlagan.

Tadbir yakunida Akademiya professor-oʻqituvchilari tomonidan 2021-2022-oʻquv yili davomida dinshunoslik sohasi boʻyicha nashr qilingan ilmiy va oʻquv adabiyotlari taqdimoti namoyish etildi.

Qatnashchilar bildirilgan mavzular yuzasidan savol-javoblarda ishtirok etib, soha rivoji yoʻlida oʻzlarining taklif-mulohazalarini bildirib oʻtishdi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati