Maqola muallifi, taniqli mintaqaviy ekspert Mahmud Ul Hasan Xon sammit ahamiyatini ikki mamlakat oʻrtasida turli sohalardagi hamkorlikning yangi davrini boshlab bergan, yangi imkoniyatlar eshigini ochgan tarixiy uchrashuv, deya baholaydi.
Ekspertning fikricha, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan manfaatli aloqalarni rivojlantirish Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan tashqi siyosatning bosh maqsadidir. Bu strategik maqsadlar mintaqada tinchlik, barqaror rivojlanish va doʻstona muhit shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Pirovardida, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi oʻrtacha 50 foizdan oshdi.
Maqolada Oʻzbekistonda milliy valyutani xalqaro valyuta savatiga kiritish – uning asl qiymatini mustahkamlash va qisqa vaqtlarda eksport hajmini oshirishga xizmat qilishi ham alohida eʼtirof etilgan.
Oʻzbekiston va Pokiston yetakchilari vazirliklararo, parlamentlararo amalga oshirilayotgan loyihalarni yana-da faollashtirish, mudofaa va xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, taʼlim, madaniyat va turizm sohalaridagi oʻzaro aloqalarni kuchaytirishga kelishib oldi.
– Men Oʻzbekiston va MDH boʻyicha taniqli mintaqaviy ekspert sifatida virtual sammitni ikki qardosh mamlakat oʻrtasida barqaror strategik sheriklik yoʻlidagi ulkan qadam deb atayman. Bu, albatta, Oʻzbekiston – Pokiston oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash uchun imkoniyat yaratadi, – deb yozadi Mahmud Ul Hasan Xon.
Maqolada Transafgʻon temir yoʻli qurilishi va mazkur transport koridorining mintaqaviy ahamiyati ham tilga olinadi. Bu yirik loyiha ishga tushishi bilan mintaqada oʻzaro savdo-sotiq yangi formatda rivojlanishi, shuningdek, sammitda Pokiston dengiz portlariga kirib borish boʻyicha ham kelishuvlarga erishilgani aytiladi.
Muallif yozishicha, Oʻzbekiston tranzit transport va savdo-sotiqni yengillashtirish boʻyicha Xitoy, Pokiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston oʻrtasida tuzilgan toʻrt tomonlama shartnomaga qoʻshilishga qiziqish bildirgan. Pokiston tomoni Oʻzbekistonning bu tashabbusini qoʻllab-quvvatlaydi.
“Janob Imron Xon aytishicha, Pokistonning Karachi va Gvadar portlari Markaziy Osiyo uchun dengizga chiqish eshigi boʻlishi mumkin, chunki Pokiston Markaziy Osiyo mamlakatlariga xalqaro dengizlarga eng qisqa yoʻlni taqdim etadi. Uning qoʻshimcha qilishicha, Pokiston Oʻzbekistonning oʻz portlariga kirishini osonlashtiradi”, deb yozadi ekspert.