Markaziy saylov komissiyasida O'zbekistonning Bel`giyadagi elchixonasi murojaati asosida «Diplomatic World» jurnali ijrochi direktori B.Ditrix va «Diplomatic World Institute» markazi menejeri A.Turkstra ishtirokida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Qayd etish joiz, O'zbekistonning Bel`giyadagi elchixonasi «Diplomatic World» rahbariyati bilan joriy yilning sentyabr` oyida jurnalning O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlangan maxsus sonini nashr qilish bo'yicha kelishuvga erishgan. SHundan kelib chiqib, jurnal vakillari joriy yilda bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi arafasida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, jumladan saylov qonunchiligi va amaliyoti haqida maqola chop etishni maqsad qilgan.
Uchrashuvda mamlakatimizning saylov qonunchiligi va amaliyotidagi o'zgarishlar haqida so'z yuritilar ekanlar, Saylov kodeksi xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan printsiplari va me'yorlariga muvofiq shakllangani va xalqaro saylov standartlariga mos kelishi qayd etib o'tildi.
O'zbekistonning saylovlar o'tkazish jarayonida EXHT DIIHB bilan o'zaro hamkorlik samarasi o'laroq mamlakatimiz milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylov qonunchiligi va amaliyotini umum e'tirof etilgan xalqaro demokratik standartlarga uyg'unlashtirish orqali fuqarolarning saylovga oid huquqlarini yanada keng va to'la ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Uchrashuvda shuningdek, saylovlarga tayyorgarlik davomida ommaviy axborot vositalari uchun saylovni yoritish, saylovda ayollar, yoshlar va nogironligi bo'lgan shaxslarning ishtirokini ta'minlash, saylov komissiyalari xodimlarini o'qitishga qaratilgan treninglarni tashkil etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va saylovlar bo'yicha tajriba almashish maqsadida olib borilayotgan ishlar xususida ham so'z bordi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o'zaro hamkorlik va aloqalarning mustahkamlanishidan mamnun ekanliklarini bildirdilar,deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.
Ma'lumot uchun: “Diplomatic World” xalqaro jurnali siyosat, diplomatiya, biznes, moliya, san'at va madaniyat sohalarini keng yoritib kelmoqda. Jurnal Evropaning parlament a'zolari, Evropa Ittifoqi rahbarlari, ishbilarmon doiralar, diplomatik korpuslar va Bryusselda akkreditatsiyadan o'tgan xalqaro tashkilotlarga tarqatiladi.
2020 yilda jurnalning O'zbekistonga bag'ishlangan maxsus soni nashr etilgan bo'lib, undan Evropaning etakchi iqtisodchi, analitik va ishbilarmon doiralari vakillarining maqola va interv`yulari joy olgan.