Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi milliy va xalqaro jurnalistikaning eng ilgʻor yutuqlarini keng ommalashtirish, Yangi Oʻzbekiston ruhiga mos yangicha tafakkur tarzini shakllantirish, umuminsoniy qadriyatlarni qaror toptirish, xalqimizning axborot sohasidagi huquqlarini taʼminlash, yurtimizda insonga eʼtiborni kuchaytirish, odamlarning ongu tafakkurini yuksaltirish, jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik muhitini mustahkamlash, OAV xodimlarining faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishlari uchun sharoit yaratish hamda jurnalistlarda tanqidiy-tahliliy fikrlashni va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish va ragʻbatlantirish maqsadida “Oltin qalam” XVII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni eʼlon qiladi.

Tanlov bitta bosh milliy mukofot va beshta asosiy yoʻnalish – televideniye, radio, bosma nashrlar, internet-jurnalistika boʻyicha (har bir yoʻnalish boʻyicha 1-, 2-, 3-oʻrinlar) va chet ellik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali boʻyicha (bosma nashrlar, TV, internet – bitta birinchi oʻrin, 4 ta ikkinchi oʻrin) oʻtkaziladi.

Shuningdek, quyidagi ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalar boʻyicha tashkil etiladi.

  1. “Insonga eʼtibor mavzusi eng yaxshi yoritilgan materiallar uchun”
  2. “Taʼlim tizimidagi islohotlar eng yaxshi yoritilgan materiallar uchun”
  3. “Oila va mahalla mavzusi eng yaxshi yoritilgan materiallar uchun”
  4. “Harbiy-vatanparvarlik mavzusi eng yaxshi yoritilgan materiallar uchun”
  5. “Milliy qadriyatlar eng yaxshi yoritilgan materiallar uchun”
  6. “Sogʻlom turmush tarzi va sport mavzusi eng yaxshi yoritilgan materiallar uchun”
  7. “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar eng yaxshi yoritilgan materiallar uchun”
  8. “Bandlik va ijtimoiy himoya masalalari eng yaxshi yoritilgan materiallar uchun”
  9. “Eng faol tele va radio boshlovchi”
  10. “2022-yilda chop etilgan publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun”

11 “Eng yaxshi fotoreportaj uchun”

  1. “Ekologik muammolar keng yoritilgan materiallar uchun”

Tanlov gʻolib va sovrindorlariga:

Tanlov bosh milliy mukofoti sohibiga maxsus diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va yengil avtomobil tantanali ravishda topshiriladi.

Birinchi oʻrinni olgan gʻoliblar diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va bazaviy hisoblashning 200 barobari miqdorida pul mukofoti bilan;

Ikkinchi oʻrinni olgan gʻoliblar diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va bazaviy hisoblashning 175 barobari miqdorida pul mukofoti bilan;

Uchinchi oʻrinni olgan gʻoliblar diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va bazaviy hisoblashning 150 barobari miqdorida pul mukofoti bilan;

Tanlov ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalar gʻoliblari diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va bazaviy hisoblashning 100 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

Tanlovda 2022-yilning 31-martidan 2023-yilning 31-martigacha bosma va internet nashrlarda eʼlon qilingan, radio va televideniyeda efirga uzatilgan 5 tadan 7 tagacha materiallar koʻrib chiqiladi.

Tanlovga ijodiy ishlar Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasining hududiy boʻlimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi koʻmagida mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari orqali, shuningdek, mualliflardan toʻgʻridan-toʻgʻri elektron shaklda tanlov matbuotda eʼlon qilingan kundan boshlab joriy yilning 15-apreliga qadar qabul qilinadi.

Bu jarayonda materiallar matbuot boʻyicha (PDF-faylda, har bir material alohida-alohida);

internet nashrlari boʻyicha materiallarning havolasi (link, ssilkasi) koʻrsatilgan holda;

televideniye boʻyicha video materiallar (3 daqiqadan 30 daqiqagacha telegram formatda ( annotatsiyasi, qisqacha mazmuni bayoni bilan);

radio yoʻnalish boʻyicha audio materiallar (3 daqiqadan 30 daqiqagacha, annotatsiyasi, qisqacha mazmuni bayoni bilan);

fotojurnalistika nominatsiyasi boʻyicha ijodiy ishlar (JPEG, TIFF va PNG formatda annotatsiyasi, qisqacha mazmuni bayoni bilan);

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasining (99-466-10-25) raqamiga ochilgan (Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi) telegramiga yuborilishi soʻraladi.

Tanlovda tahririyat, tele yoki radiokanal hamda ijodiy jamoalar ham jamoaviy qatnashishi mumkin. Mazkur jarayonda ham yuqoridagi tartiblarga qatʼiy amal qilinadi.

“2022-yilda chop etilgan publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun” nominatsiyasi boʻyicha tanlovda qatnashish istagida boʻlganlar Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasiga kitobidan bir dona taqdim etadi.

Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlarga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • muallif va uning professional faoliyati toʻgʻrisidagi qisqacha maʼlumot (obyektivka);
  • muallifning pasport nusxasi, telefon raqami.

 

Murojaat uchun telefonlar: 71 244-62-89, 71-244-64-62