Diqqat, tanlov! Ekologiya mavzusiga doir eng yaxshi adabiy asarlar

    Yashil sayyora 27 Sentabr 2020 2915

    Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ulgʻayib kelayotgan yosh avlod qalbida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish hissini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda “Ekologiya mavzusiga doir eng yaxshi adabiy asarlar” tanlovini eʼlon qiladi.

    Tanlovda professional adiblar va yosh ijodkorlar bosma nashrlar hamda ommaviy axborot vositasi sifatida roʻyxatga olingan veb-saytlardagi adabiy-badiiy asarlari bilan ishtirok etishlari mumkin. Tanlovga 2019-yilning 31-avgustidan 2020-yilning 20-noyabrigacha eʼlon qilingan materiallar 2020-yilning 20-noyabriga qadar qabul qilinadi.

    Tanlov gʻolib va sovrindorlarini aniqlash va mukofotlash tartibi:

    Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar taniqli va tajribali ijodkorlar hamda ekologiya sohasi mutaxassislaridan tarkib topgan hayʼat aʼzolari tomonidan koʻrib chiqilib, gʻolib va sovrindorlar aniqlanadi.

    Tanlov gʻolib va sovrindorlari quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:

    – 1-oʻrin (1 ta) – televizor;
    – 2-oʻrin (2 ta) – planshet;
    – 3-oʻrin (2 ta) – smartfon.

    Shuningdek, uch nafar ragʻbatlantiruvchi mukofotga sazovor boʻlganlarga Oʻzbekiston “Qizil kitobi” hamda boshqa sovgʻalar topshiriladi.

    Tanlov natijalari 2020-yil, 8-dekabrOʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida eʼlon qilinadi. Gʻolib va sovrindorlarni tantanali taqdirlash marosimi 2020-yilning 10-dekabriga qadar oʻtkaziladi.

    Tanlovda ishtirok etishni xohlovchilardan oʻzi haqidagi qisqacha maʼlumot (pasport nusxa, faoliyatiga oid maʼlumotnoma) hamda ijodiy ishlarini Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi (Toshkent shahri, Bunyodkor koʻchasi, Adiblar xiyoboni) ga topshirishlari yoki uyushmaga kelmasdan maʼlumot va materiallarning elektron nusxalarini (+998 97) 326-80-33 Telegram raqamiga yuborishlari soʻraladi.

    Tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq barcha savollarga quyidagi telefon raqamlari (+998 71) 231-83-49, (+998 97) 326-80-33, (+998 93) 502-23-21 orqali javob olishingiz mumkin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatlari