Diqqat, yangi tanlov! Kitobxon oilaga “Spark” nasib etadi

    Ikkinchi va uchinchi o'rinlarni egallagan juftliklar ham qimmatbaho esdalik sovg'alari bilan taqdirlanishadi.

    Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Prezidentimizning besh muhim tashabbusi doirasida yosh oilalarni qo'llab-quvvatlash, ularning ma'naviy dunyoqarashini boyitish, kitobxonlikni keng targ'ib qilish maqsadida yangi loyiha — “Yosh kitobxon oila” tanlovi e'lon qilindi.

    Tanlovda ishtirok etishni istagan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan yosh oilalar 30-may sanasiga qadar @kitobxonoila_bot Telegram manzili orqali ariza yuborishlari mumkin. Arizalar qabuli tugagach, yosh oilalar test sinovlarida ishtirok etishadi. Tanlov Nizomiga muvofiq, test natijalariga ko'ra tuman (shahar)lar miqyosida eng ko'p ball to'plagan 2 ta oila keyingi bosqichga yo'llanmani qo'lga kiritadi.

    Ikkinchi bosqich — hududiy bosqich bo'lib, 2 ta shart asosida o'tkaziladi. “Tezkor savol-javob” sharti orqali ishtirokchilarga tavsiya etilgan adabiyotlarni qay darajada mutolaa qilganliklari tekshiriladi. “Badiiy asarlar bilimdoni” shartida esa tanlangan biletda biror asardagi syujetiga oid epizod o'qib eshittiriladi. Juftlik ushbu parcha qaysi asardan olinganligini topishlari hamda asarning g'oyaviy mazmun-mohiyatini ochib berishlari kerak bo'ladi. Eng yuqori ball to'plgan yosh oila tanlovning yakuniy bosqichida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritadi.

    Uchinchi bosqichda esa shartlar hududiy bosqichdagi shartlarga qo'shimcha tarzda “erkin mavzu” bilan boyitilgan. Mazkur shartda ishtirokchilar ixtiyoriy bilet tortishadi va unda yozilgan mavzuni monolog yoki ma'ruza tarzda bayon etib berishadi.

    Shuni qayd etish kerakki, tanlov jarayonida foydalanilgan savollar va testlar majmuasi ekspertlar komissiyasi tomonidan tanlovning barcha bosqichlari uchun alohida tuziladi hamda maxsus konvertlarga solinib, muhrlanadi.

    Tanlovning yakuniy bosqichida g'oliblikni qo'lga kiritgan yosh oilaga Prezident sovg'asi — “Spark” avtomashinasi tuhfa qilinadi. SHuningdek, ikkinchi va uchinchi o'rinlarni egallagan juftliklar ham qimmatbaho esdalik sovg'alari bilan taqdirlanishadi. Bundan tashqari, barcha ishtirokchilarga kitoblar to'plami, maxsus diplomlar beriladi.

    Tadqiqotchilar fikricha, kitob o'qish faqatgina ma'naviy ozuqa bo'libgina qolmay, balki insonning aqliy qobiliyatini ham o'stiradi. Mutolaadan olingan taassurotlarni boshqalar bilan bo'lishi esa kishiga zavq berish bilan birga o'zgalarni ham kitob o'qishga da'vat etadi. Ayniqsa, oila davrasida kitob o'qish va uni muhokama qilish o'zaro munosabatlarning yanada yaxshilanishiga, oila a'zolarining jipslashishga olib keladi. Bu kabi tanlovlar esa oiladagi kitobxonlikni yangi bosqichga olib chiqishiga, ezgulikka oshno dillar ko'payishiga xizmat qiladi.