Diyorbek Urozboyev 3 yilga diskvalifikatsiya qilindi

    Sport 22 Oktabr 2021 696

    Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, Rio-2016 Olimpiya oʻyinlari sovrindori, Osiyo oʻyinlari gʻolibi, Osiyo chempionati kumush medali hamda koʻplab turnirlarda ishonchli gʻalabalarga erishgan sportchi Diyorbek Urozboyevdan olingan doping-sinamada taqiqlangan modda aniqlangan.

    Diyorbek Urozboyev Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligining “Milliy test roʻyxati”ga kiritilgan boʻlib, rejali tarzda doping-nazoratidan oʻtishi belgilangan. Joriy yilning 6-may kuni sportchidan musobaqadan tashqari davrda doping-sinama olingan edi.

    Tekshiruv natijasida sportchi tomonidan Butunjahon antidoping kodeksi va Oʻzbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida koʻrsatilgan antidoping qoidabuzarligi sodir etilgan yaʼni “Meldonium” taqiqlangan moddasi isteʼmol qilinganligi aniqlangan.

    “Meldonium” taqiqlangan moddalar roʻyxatining S4. Gormonlar va metabolizm modulyatorlari sinfiga mansub hisoblanadi.

    Natijada Urozboyev 3 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Diskvalifikatsiya 2021-yil 16-avgustdan 2024-yil 15-avgustga qadar etib belgilandi.

    Dzyudochi diskvalifikatsiya muddati tugaganga qadar Butunjahon antidoping kodeksi va Oʻzbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida belgilab qoʻyilganidek, xalqaro va milliy toifadagi musobaqalarda ishtirok etishi taqiqlanadi.

    Milliy antidoping agentligi

    Matbuot xizmati