Dog'istonda uyushtirilgan terakt oqibatida 15 nafardan ortiq politsiyachi halok bo'ldi

    Dog'istonda (Rossiya Federatsiyasi) 15 dan ortiq politsiyachi terakt qurboni bo'ldi, bir qancha tinch aholi ham halok bo'ldi, dedi hudud rahbari Sergey Melikov.

    Melikovning qo'shimcha qilishicha, bir necha tinch aholi vakillari halok bo'ldi. Respublikada 24, 25 va 26-iyun motam kunlari deb e'lon qilindi.

    Avvalroq Ichki ishlar vazirligi jami olti nafar politsiyachi halok bo'lgani, yana 13 nafari yaralangani haqida xabar bergan edi. Huquq-tartibot idoralaridagi manbaning RIA Novosti agentligiga ma'lum qilishicha, hujum oqibatida yetti nafar huquq-tartibot idorasi xodimi halok bo'ldi. Milliy aksilterror qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, qurbonlar orasida Rus pravoslav cherkovi ruhoniysi ham bor.

    Melikov ta'kidlaganidek, respublikadagi vaziyat davlat organlari va huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan nazorat qilinmoqda.

    Yakshanba kuni kechqurun bir guruh qurollangan odamlar Derbentdagi ibodatxona va cherkovga qarata o'q uzdi. Oqibatda binolarda yong'in boshlandi. Shu bilan bir vaqtda Maxachqal'adagi yo'l patrul xizmati postiga hujum qilingani ma'lum bo'ldi. Bundan tashqari, yana bir hujum Sergokala qishlog'ida sodir bo'ldi. U yerda qurollangan shaxslar politsiya mashinasiga qarata o'q uzdi, politsiya xodimlaridan biri yaralandi.

    Respublikada aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi. Tergov qo'mitasining Dog'iston bo'yicha departamenti “Terror hujumi” moddasi bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atdi.

    Milliy aksilterror qo'mitasi besh nafar jangari zararsizlantirilgani haqida ma'lum qildi: ikkitasi Derbentda va uchtasi Maxachqal'ada. Melikovning so'zlariga ko'ra, olti nafar jangari yo'q qilindi.

    Dog'istonning Sergokalinskiy tumani rahbari Magomed Omarov qo'lga olingani, uning o'g'illari teraktlarga aloqador bo'lishi mumkinligi haqida “RIA Novosti”ga respublika huquq-tartibot idoralaridagi manba ma'lum qildi, deb xabar beradi ria.ru.