Dolzarb 90 kun bu vaqtinchalik tadbirlar majmuasi emas

    “Dolzarb 90 kun” tashabbusi mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida yangi bosqichni boshlab berdi.

    Binobarin, ushbu loyiha bir qarashda vaqtinchalik tadbirlar majmuasiga oʻxshab koʻrinsa-da, mohiyatan u xalq bilan ishlash, yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarish, taʼlim tizimi va davlat tashkilotlari faoliyatida “natija” hamda “samara” tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli milliy islohotlar maydonidir.

    Andijon davlat chet tillari institutida ham “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida ti­zimli va maqsadli ishlar olib borilmoqda. Loyiha asosiy eʼtiborni yozgi taʼtil davri­da yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish, chet tillari va zamonaviy kasblarga yoʻnaltirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va eng muhimi, ularni jamiyat­ning faol aʼzolariga aylantirishga qaratdi.

    Bugungi kunda yoshlar bilan ishlash masa­lasi global darajadagi muhokama markazida turibdi. Zero, har bir davlat oʻz taraqqiyoti va xavfsizligida aynan maʼnaviy barkamol, kasb va til egasi boʻlgan yosh avlodga tayanadi. “Dol­zarb 90 kun” loyihasi shuni amalda isbotla­yotgan yirik tashabbusdir. Uning dolzarbligi, birinchi navbatda, har bir oliy taʼlim muas­sasasiga aniq vazifa qoʻyilgani va ular ijro­si boʻyicha monitoring hamda baholash tizimi joriy etilganida namoyon boʻladi.

    Bu nafaqat tashkilotlar faoliyatiga javobgarlikni kuchaytirdi, balki yoshlar bilan ishlashda muayyan yondashuvlar shakl­lanishiga ham zamin yaratdi. Instituti­mizda loyihani samarali tashkil etish va natijadorlikka erishish maqsadida ishlar tizimli asosda yoʻlga qoʻyildi. Uning oʻziga xosligini chuqur anglagan holda, institut rahbariyati va jamoasi tomonidan bir qator muhim jihatlarga alohida eʼtibor qara­tildi. Amalga oshirilgan har bir tashabbus, avvalo, yoshlarning real ehtiyojlari, qiziqishlari va zamon talablari asosida shakllantirildi. Til kurslari, IT saboqla­ri, sport musobaqalari, madaniy-maʼrifiy kechalar — bularning har biri shunchaki son emas, balki mazmunga ega boʻlgan faoliyat si­fatida koʻzda tutilgan.

    Tadbirlar tashkil etilar ekan, faqat institut talabalari emas, balki viloyatning tu­man va shaharlaridagi yoshlarga ham eshiklar ochildi. Bu esa loyiha orqali yoshlarda jami­yatga daxldorlik hissini kuchaytirib, uni­versitet devorlaridan tashqariga chiqadigan ijtimoiy taʼsir doirasini kengaytirdi.

    Ingliz, rus, koreys, nemis, xitoy til­lari boʻyicha bepul oʻquv kurslari tashkil qilinib, ularda hozirga qadar 287 nafar yosh qatnashmoqda. Bundan tashqari, IT va raqamli savodxonlik kurslari doirasida 63 nafar ishtirokchi raqamli texnologiya­lardan foydalanish boʻyicha amaliy bilimga ega boʻldi. Ushbu kurslar talab yuqoriligi sababli kengaytirildi.

    Mini futbol, suzish, kurash, voleybol, stol tennisi, shaxmat va boshqa sport turla­rida 90 ga yaqin yosh faol ishtirok etmoqda. 8 ta sport musobaqasi oʻtkazilib, 294 nafar yosh qamrab olindi. Yil yakunigacha 14 ta mu­sobaqa, 600 dan ortiq ishtirokchi olinishi rejalashtirilgan.

    Shuningdek, institutda “Sheʼriyat kecha­si”, “Badiiy asar tahlili”, “Film tahli­li” kabi madaniy-maʼrifiy loyihalarga 1200 dan ortiq yoshlar jalb etildi.

    Andijon viloyatining tarixiy maskan­lariga 7 ta ziyorat tashkillashtirilib, 250 nafar yosh ishtirok etdi. Mavjud reja asosida yana 8 ta ziyorat, 300 dan ortiq yosh qamrab olinishi koʻzda tutilgan.

    Xonobod shahrida joylashgan “Turizm oʻquv laboratoriyasi” negizida 80 nafar eng namunali talaba uchun yozgi oromgoh tash­kil qilindi. Bu yerda OTM mentorlarining zamonaviy treninglari, oʻzini anglash va shaxsiy rivojlanishga qaratilgan mashgʻu­lotlar oʻtkazildi. Loyiha doirasida tash­kil etilgan Call-markazi orqali institutga 500 ga yaqin yosh murojaat yoʻllab, kurslarga yozildi. Murojaatlarning koʻpligi sababli qoʻshimcha guruhlar ochildi.

    Tadbirlar davomida faqat son jihat­dan emas, balki sifat jihatdan ham mo­nitoring olib borildi. Har bir yoʻnalish boʻyicha ishtirokchilar koʻrsatkichlari, ta­lab va fikrlar oʻrganildi. Shu asosda yangi guruhlar ochildi, talab yuqori yoʻnalishlar kengaytirildi. Bunday yondashuv ishlar ti­zimliligi va natijadorligini taʼminladi.

    Talabalarni maʼnaviy va ruhiy jihatdan ham qoʻllab-quvvatlashga tajribali ustozlar, psixologlar va murabbiylar jalb qilindi. Yozgi oromgohda aynan shaxsiy rivojlanish, oʻzini anglash, hayotiy maqsadlarni belgilash kabi mavzular asosida treninglar oʻtkazildi.

    Barcha tadbirlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan, oilaviy sharoiti ogʻir yoshlar alohida eʼtiborga olingan. Ular uchun maxsus yoʻriq­chilar biriktirilib, faol ishtirokchilari­ga sharoitlar yaratildi. Bu orqali “hech kim ortda qolmasin” tamoyiliga amal qilindi.

    “Dolzarb 90 kun” loyihasi yoshlarning yozgi taʼtil davrida ijtimoiy beqarorlik, bekorchilik, yot gʻoyalar taʼsiriga tushish kabi xavflardan uzoqda boʻlishini taʼmin­ladi. Har bir yoshning maqsadli bandli­gi orqali jinoyatchilikning oldi olindi, ijtimoiy faollik ortdi, ruhiy salomatlik mustahkamlandi.

    Institutda bepul tashkil etilgan chet tillari va IT kurslari yoshlarning oʻz ustida ishlash madaniyatini kuchaytirdi. Har bir ishtirokchi loyihani oʻz hayotiga yangi imko­niyat sifatida qabul qildi.

    Loyiha yakuniga qadar 500 dan ortiq yosh ikki chet tilini boshlangʻich yoki oʻrta dara­jada egallaydi, 100 nafardan ortigʻi IT mu­taxassisligiga asosiy qadamni qoʻyadi.

    Madaniy-maʼrifiy tadbirlar, sport musobaqalari, badiiy asar tahlillari va “Sheʼriyat kechalari” orqali yoshlar jamiyat hayotiga faol qoʻshila boshladi. Ularda ijti­moiy masʼuliyat, oʻz fikrini ochiq bayon etish, mustaqil fikrlash, Vatanga daxldorlik his­si shakllanmoqda.

    Loyihaning eng muhim natijalaridan biri shundaki, institut jamoasi Prezident tashabbusini qogʻozda emas, amalda hayotga tatbiq etdi. Bu orqali talaba yoshlar davlat siyosatiga befarq emasligini his etmoqda.

    “Dolzarb 90 kun” Andijon davlat chet til­lari institutida qisqa muddatda ham muhim oʻzgarishlarni yuzaga keltira oldi. U oddiy “yozgi mashgʻulotlar rejasidan” tubdan farq qiladi: bu loyiha yoshlar hayotiga mazmun, inti­lish va maqsad olib kirdi. Loyiha faqat yozgi mavsum tadbiri emas, bu — yoshlar salohiyatini uygʻotuvchi, ularni jamiyatga integratsiyalov­chi ijtimoiy mexanizmdir. Bu orqali institutimiz yoshlar uchun imkoniyatlar eshigini ochdi. Ularni kasb, til, maʼnaviyat va sport bilan bogʻladi. Taʼlim va tarbiya uygʻunligini taʼminladi. Jamoa masʼuliyatini oshirdi.

    Prezidentimiz taʼkidlaganidek, oliy taʼlim muassasasi nafaqat bilim beruv­chi markaz, balki jamiyatga foydali shaxs yetishtiruvchi tarbiya oʻchogʻi boʻlishi kerak. Biz aynan shu yoʻldan boryapmiz.

    Dilshodbek RUSTAMOV,

    Andijon davlat chet tillari instituti rektori