Bu jarayonda Buxoro davlat tibbiyot institutining professor-oʻqituvchilari nazariyadan tashqari, hayot darsini ham xalq orasida oʻtmoqda. Mahallalarda, shifokorlik punktlarida, markaziy shifoxonalarda va ayni damda bemor uyida turib, “Biz siz bilan birgami, xalqim!” degan samimiy gʻoyani amalda isbotlayapti.

Professor — ustoz, jarroh, inson

Professor, tibbiyot fanlari doktori Oʻroqov Shuhrat Toʻxtayevich bugungi kunning shunchaki olim emas. U — jarayonni ichkidan his qilgan, har bir amaliyot orqali talabasiga hayot falsafasini oʻrgatayotgan ustoz, murabbiy, fidoiy jarroh. Uning 40-yillik shifokorlik va 35-yillik pedagogik faoliyati — nafaqat Buxoro, balki butun mamlakatimiz tibbiyot maktabi uchun boy tajriba maktabi hisoblanadi.

Hozirda u “Oilaviy tibbiyotda xirurgik kasalliklar” kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritadi. 1985-yilda Samarqanddan boshlangan shifokorlik safarining bugungi manzili — 3500 dan ortiq murakkab operatsiya, yuzlab shogirdlar, 9 nafar fan nomzodi, 6 ta monografiya, 12 ta uslubiy qoʻllanma, 300 dan ziyod maqola va tezislar, va eng muhimi — minglab shifo topgan insonlar.

Shuhrat aka oʻz faoliyatida shoshilinch, laparoskopik, gepatobiliar, reanimatsiya jarayonlarini oʻziga xos ilmiy yondashuv bilan amalga oshirib, jarayonni har tomonlama takomillashtirdi. Uning shogirdlari — endi mustaqil olimlar, tadqiqotchilar va zamonaviy jarrohlardir.

“Dolzarb 90 kun” — fan bilan hayot koʻprigi

Buxoro davlat tibbiyot instituti jamoasi “Dolzarb 90 kun” doirasida nafaqat oʻz burchini ado etdi, balki ilm bilan hayot, nazariya bilan amaliyot, universitet bilan xalq oʻrtasida koʻprik qurdi.

Professor Oʻroqov va jamoasi — professor Abdumajidov Hamidulla Amanullayevich, assistent Mahmanazarov Orifjon Mirzanazarovich, dotsent Obidov Oʻtkir Oʻktamovich va yosh dotsent Hamdamov Ilhomjon Baxtiyorovich kabi shogirdlari bilan birgalikda:

  • Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida
  • Markaziy shifoxonalarda va qishloq vrachlik punktlarida
  • Jigar, oshqozon-ichak, mexanik sariqlik, qon ketish muammolari boʻyicha
  • Bepul tibbiy maslahatlar, master-klasslar va amaliyotlar oʻtkazdi.

Bular shunchaki raqam emas — ular ortida turgan inson taqdiri, oʻziga ishonmagan bemorga ishonch, tajribasiz talabaga ilhom, shifokorlarga esa maslahatlar turibdi.

Shuhrat Toʻxtayevich har bir talabasiga nafaqat bilim, balki yoʻl ham koʻrsatadi. U auditoriyada lektor, amaliyotda ustoz, hayotda esa yurak bilan gapiradigan inson. Undan ilhomlangan har bir shogird mustaqil fikrlaydi, mustaqil tadqiq qiladi.

Shu bois professorning ustoz sifatidagi qadri nafaqat yuqori kurslar, balki yosh mutaxassislar, dissertantlar va magistrantlar orasida ham tobora ortib bormoqda.

XALQ ORASIDA

“Dolzarb 90 kun” faoliyati doirasida Buxoro tibbiyot instituti professorlarining missiyasi quyidagilarni qamrab oldi:

  • 150 dan ziyod amaliy uchrashuv
  • 50 ga yaqin bepul tibbiy koʻrik
  • 30 ga yaqin maʼrifiy chiqish
  • 200 ortiq talabalar ishtirok etgan mahorat darslari.

Shu missiya orqali har bir xonadonda shifo, har bir koʻngilda ishonch, har bir bemorda umid tiklandi. Bu jarayon, albatta, respublika darajasida tibbiyot sohasiga boʻlgan munosabatni oʻzgartirishga xizmat qiladi.

TIBBIYOT – MEHR VA ADOLAT VAZIFASIDA

Tibbiyot — bu faqat davo emas, balki ijtimoiy adolat, mehr-shafqat va davlat ishonchi singdirilgan amaliy faoliyatdir. Shu bois Buxoro davlat tibbiyot instituti jamoasining bugungi missiyasi xalq ichidagi mavqeyini yangi pogʻonaga koʻtardi.

Professor Shuhrat Toʻxtayevichning hayoti va faoliyati orqali biz ilm, odamiylik va Vatanga sadoqat uygʻunligini koʻramiz.

Agar bir shifokor yuragida xalq boʻlsa, unda uning qoʻlida shifo, soʻzida haqiqat, amalida nur boʻladi. Bugun Buxoroda, ertaga butun Oʻzbekistonda ana shunday ezgu amallar tobora quloch yoymoqda.

Va biz buni “Dolzarb 90 kun”ning har bir qadamida koʻrdik.