Yoz fasli oʻquvchiyu talabalar uchun dam olish, taʼtil vaqtidir. Yozning ikki oyi ortda qoldi. Lekin, aytish kerakki, shu ikki oy yoshlarimiz uchun imkoniyat davri boʻldi. Ularga bu imkoniyatni Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi taqdim etdi. Negaki, ushbu xayrli tashabbus ortidan yoshlarimizga nafaqat dam olish, balki boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berildi.
Loyiha doirasida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularni sogʻlomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli maqsadli ishlar qilinmoqda. Sport musobaqalari, sogʻlom turmush tarzini targʻib qiluvchi marafonlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar, teatr va kino kechalari, kitobxonlik aksiyalari yoshlarning boʻsh vaqtlarini samarali tashkil etish, ularni ijtimoiy faollikka undashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda. Shahrisabz davlat pedagogika institutida ham ushbu loyiha doirasida yoshlarning har tomonlama kamol topishiga xizmat qiluvchi koʻplab tashabbuskor gʻoyalar amalga oshirilyapti. Institutda taʼlim olayotgan talabalar bilan bir qatorda, uyushmagan yoshlarni ham qamrab olish maqsadida turli yoʻnalishlardagi toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Hunarmandlik, amaliy sanʼat, musiqa, sport, xorijiy tillarni oʻqitish kurslari hamda axborot texnologiyalariga oid toʻgaraklar muntazam faoliyat yuritmoqda. Ular yoshlarga nafaqat yangi koʻnikma va bilim berish, balki kasb-hunar oʻrganish, mustaqil faoliyat yuritish qobiliyatini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.
Toʻgaraklar faqat institut talabalari emas, balki institut atrofidagi mahalla yoshlari uchun ham foydali boʻlayotgani eʼtiborga moliqdir. Ayniqsa, talaba yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ijtimoiy faolligini oshirish va kelajak kasbiga yoʻnaltirish borasida tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mahalla yoshlarining sanʼat, sport, IT sohaga qiziqishini oshirish, intellektual salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida mashgʻulotlarga institutning tajribali ustoz murabbiylari jalb etilgan. Shu bilan birga, bu faoliyat orqali yoshlar oʻrtasida ijtimoiy masʼuliyat hissi, jamoaviylik, milliy qadriyatlarga hurmat va iftixor, vatanga sadoqat kabi fazilatlar ham yuksalmoqda. Institut va mahalla oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik tufayli koʻplab yoshlar oʻziga munosib yoʻnalishlarni topib, turli tanlov va musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etyapti.
Institutda yoshlarni sogʻlom turmush tarziga yoʻnaltirish va sportga qiziqishini yanada oshirish maqsadida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida qator sport va sogʻlomlashtirish musobaqalari hamda tanlovlar tashkil etildi. Ularda faol ishtirok etib, yuqori natijalarga erishganlar qimmatbaho sovgʻalar va pul mukofotlari bilan taqdirlanmoqda.
Shu bilan birga, oliygohda kitobxonlik tanlovlari ham keng quloch yoygan. Yoshlarda kitobga qiziqish yuqori. Kitobxonlik haftaliklari, “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Eng faol kitobxon talaba” kabi loyihalar orqali yoshlar oʻrtasida mutolaa madaniyati shakllantirilmoqda. Institutda yoʻlga qoʻyilgan “Ziyo ulashib” loyihasi doirasida bugungi kungacha 60 dan ortiq umumtaʼlim maktabi kutubxonalariga homiylar koʻmagida oʻzbek va jahon adabiyotining 7 mingdan ziyod sara namunasi sovgʻa qilindi. Bu esa oʻquvchi yoshlarning dunyoqarashi va maʼnaviy olamini boyitishga xizmat qiladi.
Institut talabalari va professor-oʻqituvchilari maktab oʻquvchilari bilan turli mazmunda uchrashuvlar oʻtkazib, badiiy adabiyotlar yuzasidan ochiq muloqotlar, ijodiy uchrashuvlar, adabiy viktorinalar va “Kitobxonlar klubi” mashgʻulotlarini tashkil etmoqda. Bunday ezgu saʼy-harakatlar taʼlim zanjirining barcha boʻgʻinlarida kitobxonlik muhitini rivojlantirish, yoshlar orasida kitob mutolaasiga qiziqishni kuchaytirish bilan birga, maʼnaviy va intellektual jihatdan yetuk shaxs sifatida kamol topishida qoʻl keladi.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida talabalar va uyushmagan yoshlar oʻrtasida sport musobaqalaridan tashqari tasviriy sanʼat, hunarmandlik va kasbga yoʻnaltiruvchi boshqa sohalarda ham turli tanlov va tadbirlar muntazam tashkil etilyapti.
Shahrisabz davlat pedagogika institutidagi bu tashabbuslar, shubhasiz, nafaqat taʼlim sifatini oshirish, balki yoshlarning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, salohiyatini toʻgʻri yoʻnaltirish, hayotga ijobiy qarashlarini mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi.
Eng muhimi, “Dolzarb 90 kun” yashirin iqtidorlarni yuzaga chiqarib, yangi gʻoyalar sari undamoqda. Yaqin kelajakda mazkur loyiha doirasida yana qator yangiliklar va ijtimoiy ahamiyatga molik tashabbuslar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Talabalarning oʻzi ham yozgi taʼtilni behuda oʻtkazmayapti — ular doimiy yashash joylarida tikuvchilik, pazandalik va xorijiy tillarni oʻrganish kurslariga qatnab, amaliy koʻnikmalarini mustahkamlamoqda. Yana koʻplab talabalar yozgi oromgohlarda tarbiyachi sifatida faoliyat yuritib, bolalar bilan ishlash tajribasini orttirmoqda.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi faqat mavsumiy tadbir emas. U yoshlar salohiyatini yuksaltirish, yangi imkoniyatlarini ochish va iqtidorlarini kashf etish, jamiyatning kuchli, intiluvchan, faol qatlamiga aylantirish yoʻlidagi tizimli yondashuvdir. Ushbu tashabbus doirasida tashkil etilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar, sport musobaqalari, ijtimoiy loyihalar, debatlar va madaniy tadbirlar, turli koʻngilochar dasturlar orqali talabalarning bilim va koʻnikmalari oshirilmoqda, shaxsiy salohiyati yuzaga chiqarilmoqda.
Loyiha yoshlarning ongi va qalbida vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamlab, yuksak axloqiy madaniyatga ega shaxs sifatida shakllanishi, jamoat ishlarida faol ishtirok etishi va yetuk, masʼuliyatli shaxs sifatida kamol topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maʼnoda “Dolzarb 90 kun” bugun yoshlar faolligini oshirayotgan, ezgu maqsadlarga ilhomlantirayotgan keng qamrovli harakatga aylandi, desak ayni haqiqatdir. Bu esa taʼlim muassasalarida taʼlim va tarbiya bir butun jarayon sifatida amalga oshirilayotganida ham koʻrinadi.
Jamshid SHONAZAROV,
falsafa fanlari nomzodi, dotsent









