Dolzarb masalalar muhokama qilindi

    Raqamlashtirish 22 Oktabr 2020 594

    22-oktyabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining dolzarb vazifalarini ijro etishga bagʻishlangan yigʻilish videokonferensaloqa orqali oʻtkazildi.

    Yigʻilishda Vazirlikning markaziy apparati, tizimdagi korxona va tashkilotlar, shuningdek, videokonferensaloqa orqali Vazirlikning joylardagi hududiy boshqarmalari, tizimdagi korxona va tashkilotlarning hududiy boʻlinmalari rahbarlari ishtirok etdilar.

    Yigʻilishida, mazkur Farmon qabul qilinishi va unga asosan “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlanishi Oʻzbekistonda raqamlashtirish jarayonlarini izchil davom ettirishda dasturilamal boʻlishi toʻgʻrisida alohida aytib oʻtildi.

    Farmonga muvofiq 2020-2022 yillarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning turli sohalarida 400 dan ortiq axborot tizimlari, elektron xizmatlar va boshqa dasturiy mahsulotlar joriy etilishi hamda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlaridagi korxonalarda boshqaruv, ishlab chiqarish va logistika jarayonlarini avtomatlashtirish boʻyicha 280 dan ortiq axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar joriy etilishi koʻzda tutilgan.

    Tadbir davomida olib borilayotgan choralarni kuchaytirish talab qilgan bir qator dolzarb yoʻnalishlar ham koʻrsatildi. Respublikamizda zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish, elektron hukumat tizimini rivojlantirish, pochta sohasini modernizatsiyalash, IT tadbirkorlar va IT startaplar uchun keng imkoniyat yaratish, Vazirlik tizimdagi oʻquv muassasalari faol ishtirokini taʼminlangan holda IT kadrlarni tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.