Xususan, xavfsizlik va siyosiy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Samarqandda TDT tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining birinchi qoʻshma uchrashuvini oʻtkazishni taklif qildi. Shuningdek, Strategik sheriklik, abadiy doʻstlik va qardoshlik toʻgʻrisidagi shartnomani qabul qilish hamda Turkiy davlatlar tashkilotini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish taklifini bildirdi.
Turkiy xalqlar faqat til, madaniy-maʼnaviy jihatdan emas, balki savdo-iqtisodiy nuqtayi nazardan ham doimiy hamkorlardir. Bu borada qancha qulaylik, yengillik yaratilsa, barcha uchun shuncha yaxshi. Rivojlanish yanada jadallashadi, xalqlar farovonlashadi.
Davlatimiz rahbarining Toshkentda Iqtisodiy sheriklik boʻyicha doimiy kengash va loyiha ofisini tashkil etish, Oʻrta yoʻlakni “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻli va Transafgʻon yoʻlagi bilan bogʻlash, bojxona tartibotini raqamlashtirish, tariflarni optimallashtirish taklifi ham alohida ahamiyatga ega. Sanoat alyansi, “Turkiy yashil yoʻlaklar” va “Yashil transformatsiya” konsorsiumlarini yaratish, shuningdek, organik qishloq xoʻjaligi boʻyicha ekspertlar guruhi tashkil etish hamda turkiy organik mahsulotlar brendini jahon bozoriga olib chiqish esa bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Innovatsiya va taʼlim sohasini yanada rivojlantirish maqsadida sunʼiy intellekt hamda kreativ iqtisodiyot boʻyicha “yoʻl xaritasi” qabul qilinishi zamonga mos rivojlanishga qaratilgan saʼy-harakatdir. Chunki bugungi taraqqiyot davrida ilgʻor texnologiya, sunʼiy intellekt har sohaga jadal kirib kelmoqda. Shunday ekan, zamonaviy texnologiyalar bilan hamqadam boʻlish har qachongidan zarur. Oʻzbekistonda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilishi hamda Turkiy dunyo xalqaro koʻrgazmasi oʻtkazilishi mutaxassislar tayyorlash, qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish uchun ayni muddao boʻladi. Xalqaro oliygoh innovatsiyalar maydoni sifatida taraqqiyotga xizmat qiladi.
Ekstremizm va radikal mafkuraga qarshi kurashish, yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish, 2026-yilda “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodi — turkiy dunyo maʼnaviy hayotida” xalqaro konferensiyasi hamda “Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari” oʻtkazilishini barcha ishtirokchilar qoʻllab-quvvatladi.
Sammit davomida hamkorlik samaradorligini oshirish va qator ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha koʻp tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar qabul qilingani savdo, raqamli texnologiyalar, transport-kommunikatsiya, taʼlim, ilm-fan, madaniy-gumanitar almashinuv borasidagi aloqalarni yanada kengaytirib, kelajakda ijobiy natijalar beradi.
Alisher SAMADOV,
Toshkent davlat texnika
universiteti Olmaliq
filiali direktori









