Yangi qonunga muvofiq Oʻzbekistonda quyidagilar taqiqlanadi:

— koʻcha sotuvchilarining faoliyati;

— maxsus jihozlangan savdo nuqtalaridan tashqarida tamaki mahsulotlarini sotish;

— yorliqsiz tamaki mahsulotlarini sotish;

— sigaretlarni “donalab” sotish;

— tamaki mahsulotlarini 21 yoshga toʻlmagan shaxslarga sotish.

Mazkur talablar “Alkogolli va tamaki mahsulotlarining tarqalishi va isteʼmolini cheklash toʻgʻrisida”gi qonunda belgilab oʻtilgan.

Yangi qonun 6 ta bob va 45 moddadan iborat boʻlib, qator yangiliklarni oʻz ichiga oladi. Hujjatda asosiy tushunchalar doirasini sezilarli darajada kengaytirildi va avval bozorda taqdim etilmagan bir qator yangi turdagi mahsulotlarga taʼriflar berildi.

Bu tamaki va alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va qonuniy muomalada boʻlish jarayonlarini yanada batafsil tartibga solish, shu orqali sanitariya-gigiyena hamda boshqa texnik meʼyorlar va qoidalarga rioya etilishini taʼminlash imkonini beradi.

Yangi qonun ushbu sohadagi davlat siyosatini amalga oshirishda bevosita ishtirok etuvchi 20 dan ziyod davlat organlarining huquq, burch va majburiyatlari hamda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi va isteʼmolini cheklash boʻyicha faoliyatini aniq belgilab beradi. Bular IIV, soliq organlari, bojxona organlari, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi (MQQ), Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti va boshqalar.

Ushbu qonun qonuniy sigaret bozorini tartibga solishga, shuningdek, tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosini kamaytirishga yordam berishi kerak.

Zero, sigaret kontrabandasi bilan bogʻliq vaziyat nihoyatda halokatlidir. Birgina 2023-yilning 7 oyi mobaynida davlat byudjeti 400 mlrd. soʻm yoʻqotgan. Kontrabanda darajasi boʻyicha yetakchi oʻrinlarni Fargʻona vodiysi – 47.3% va Toshkent shahri – 18.3% egalladi. Oʻzbekistonda tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasining umumiy ulushi 24.8% ni tashkil etadi.

Yangi qonun koʻcha savdosini tugatilishiga yordam berishi kutilmoqda. Chunki, tamagir savdogarlar oʻz mijozlaridan hujjat soʻramaydi va tamaki mahsulotlarini voyaga yetmaganlarga sotadilar.