Boshqarma tomonidan ushbu murojaat oʻrganilganda, haqiqatdan ham 2022-yilning oʻtgan davri davomida 15 marotaba bemorlar uchun donorlik qilgan. Shuningdek, maktab maʼmuriyati tomonidan 2022-yil davomida
48 kunlik mehnat taʼtili berilganligi sababli, donorga boshqa taʼtil berilmasligi tushuntirilib, qoʻshimcha dam olish kuni berish rad etilgan.

Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 167-moddasiga asosan xodim jamiyat manfaatlariga doir harakatlar qilganda, yaʼni avariyalar, tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatish, inson hayotini saqlab qolish kabi holatlarda — ana shu davrda uning ish joyi, lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlanadi.

Donorlik qiluvchi xodimlarga har safar quyish uchun qon topshirgan kunning albatta ertasiga dam olish uchun bir kun beriladi. Xodimning xohishiga koʻra esa bu kun taʼtilga ham qoʻshib berilishi mumkin. Tekshiruvdan oʻtadigan va quyish uchun qon topshiradigan kuni ishdan ozod etilgan davr uchun, shuningdek dam olish kunlari xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanadi.

Shuningdek, “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 20-moddasiga asosan qon va uning tarkibiy qismlarini topshiradigan kuni, shuningdek, tibbiy koʻrikdan oʻtadigan kuni donor ana shu kunlar uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etiladi.

Eʼtibor qaratish lozimki, donorlik uchun beriladigan qoʻshimcha dam olish kuni mehnat taʼtili hisoblanmaydi hamda taʼtillarni hisoblashda ushbu muddat inobatga olinmaydi. Donorlik uchun qoʻshimcha dam olish kuni donorlar uchun qonunchilikda belgilangan kafolatli imtiyoz hisoblanadi.

Mazkur holat yuzasidan Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Fargʻona shahar xalq taʼlimi boʻlimiga taqdimnoma kiritilib, murojaat etgan oʻqituvchiga donorlik qilganligi uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda qoʻshimcha 15 kunlik dam olish kuni berildi hamda donorning buzilgan huquqlari tiklandi.

Abbosxon Aʼzamxonov,

Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

boʻlimi boshligʻi.