Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro S.Avliyoqulovning farzandi Ogʻabek Sultonov 2018-yildan buyon aplastik anemiya xastaligining eng ogʻir shakli bilan ogʻriydi. Uning davolanishi uchun Shveysariya davlatida ishlab chiqariladigan «Neoral» dori vositasi juda muhim.
Shu sababli S.Avliyoqulov joriy yilning may-iyun oylarida ushbu preparatni sotib olish uchun Qarshi shahrida joylashgan “Mubina Pharm” kompaniyasiga 5 million 200 ming soʻm mablagʻni oldindan toʻlagan. Biroq oradan bir oydan ortiq vaqt oʻtishiga qaramasdan kompaniya tomonidan dori vositasi isteʼmolchiga yetkazib berilmagan.
Murojaatni oʻrganish jarayonida, “Mubina Pharm” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining tegishli bandlari talablari buzilganligi aniqlandi va isteʼmolchining xohishga koʻra dori vositasini sotib olish uchun toʻlangan mablagʻ S.Avliyoqulovga qaytarilishi taʼminlandi.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Matbuot xizmati