Dorilamon kunlar qadri

    Fikr 7 Sentabr 2024 415

    Inson hayoti davomida koʻrgan-kechirganlarini tahlil qilib, voqea-hodisalarni bir-biriga taqqoslab, oʻziga yarasha xulosa chiqarib yashaydi.

    Bu tabiiy hol, albatta. Chunki jannatmakon yurtimizda kechadan koʻra bugunimiz, bugunga nisbatan ertamiz farovon boʻlib, turmush tarzimiz yuksalib bormoqda, odamlarimiz ongu shuurida kelajakka ishonch, gʻayrat-shijoat oʻsmoqda. Bularning zamirida aytishgagina oson, kechgan oʻttiz uch yillik vaqt, istiqlol deb atalmish buyuk neʼmat mujassamligini hech kim inkor eta olmaydi.

    Aslida, yurtimiz ozodligini, xalqimizning bugungidek farovon hayotini ne-ne ajdodlarimiz orzu qilmagan deysiz! Bugungidek dorilamon kunlar yoʻlida jonini, hayotini fido qilishga, el-yurt hurligi, erkin hayoti uchun borligʻidan kechishga ularni ana shu orzu, nurli umid undamadimi?! Milliy ozodlik harakati namoyondalari, jadid bobolarimiz, urushlar, ommaviy qirgʻin va majburiy mehnat poligonlarida shahid ketgan yurtdoshlarimiz, bir nechta qatagʻon toʻlqini domiga tortgan yuzlab, minglab ziyolilarimiz qalbi tubida nish urmaganmidi istiqlol orzusi?! Ana shu ezgu tilaklar, oppoq niyatlar ijobati emasmi mustaqillik?!

    Yurt mustaqilligi qoʻlga kiritilgan dastlabki yillarda jafokash xalqimizning tuganmas baxtiga koʻz olaytirishlarni, koʻrolmaslik va gʻaraz natijasida bir necha bor yurtda qoʻporuvchilik, suiqasdga ham qoʻl urilganini, notinchlik va besaranjomlik keltirib chiqarish, xalqimiz ishonchini yoʻqotishga harakatlar amalga oshirilganini esdan chiqarib boʻladimi?! Shukurki, yurtboshilarimiz qatʼiyati, rahbarlarimiz fidoyiligi va sadoqati, qolaversa, xalqimizning asrlar davomida sinalgan, toblangan irodasi bunga yoʻl qoʻymadi.

    Bugun Oʻzbekiston degan nom dunyoning barcha nuqtalarida baralla jaranglamoqda. Sport, sanʼat, ilm-fan sohalarida erishilayotgan yutuqlar, salohiyatli va iqtidorli yoshlarimiz bu xalqning hech kimdan kam emasligini, tomirlarimizda kurashchan va tinchliksevar, adolat va halollikni shior qilgan buyuklar qoni oqayotganini isbotlab kelishmoqda. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida “inson qadri uchun” degan tamoyil ustuvor maqsad ekani, Uchinchi Renessans bunyodkorlari sanalmish yoshlar uchun barcha shart-sharoit yaratib berilayotgani, asosiysi, yurtdoshlarimiz qalbida hurlik va yurt ozodligi, vatan taraqqiyoti uchun daxldorlik hissi joʻsh urayotgani dunyo hamjamiyati tahsiniga sazovor boʻlmoqda.

    Ayni kunlarda mamlakatimiz boʻylab Istiqlol bayrami shukuhi hukmron. Yurtdoshlarimiz koʻzlarida nur, qalblarida quvonch, tillarda shukronalik namoyon. Binobarin, bu kunlar qadriga yetish, vatan ozodligini koʻz qorachigʻidek asrash, jonajon yurtimizning yanada ravnaq topishi uchun bor kuch-imkoniyatimizni sarflash barchamizning muqaddas fuqarolik burchimizdir.

    Ehtiyotxon IBRAGIMOVA,

    FarDUning Filologiya fakulteti dekani,

    filologiya fanlari nomzodi, dotsent