Respublika Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Dorivor va ziravor oʻsimlik yetishtiruvchilarni qoʻllab — quvvatlash boʻlimi mutaxassislari zaʼfaronning xususiyatlari, uni yetishtirish boʻyicha erishilgan yutuqlar va kelajakdagi rejalar toʻgʻrisida Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi qoshidagi “Shafran” ilmiy tadqiqot markazi rahbari, biologiya fanlari doktori, professor Boboqul Toʻxtayev bilan suhbatlashdi.
“Shafran” ilmiy tadqiqot markazi qachon tashkil etilgan va vazifalari nimadan iborat?
Yurtimizda shafran oʻsimligi plantatsiyalarini tashkil etish maqsadida, “Agrobank” ATB, “Oʻzbekoziqovqatxolding” AK, “Oʻzfarmsanoat” DAK, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va “Vrand Investment Group” MCHJ hamkorligida “Shafran” ilmiy tadqiqot markazi 2017-yil aprel oyida tashkil etildi.
Markazning asosiy vazifasi ushbu dorivor oʻsimlik ustida ilmiy ishlar olib borish hamda zaʼfaron yetishtiruvchilarni uslubiy va amaliy qoʻllab-quvatlashdan iborat.
Zaʼfaron (shafran) dorivor oʻsimligining xususiyatlari qanaqa va bu oʻsimlikni yurtimizda yetishtirish mumkinmi?
Ushbu oʻsimlik tibbiyot va oziq-ovqat sanoatida keng ishlatiladi. Uning tarkibida 50 foizdan ortiq boʻyoq beruvchi krotsin, 2,7 foiz yogʻ, 0,32 foiz efir moyi, V, V2 vitaminlari, azotli moddalar, qand, kaliy va kalsiy birikmalari mavjud boʻlib, koʻplab kasalliklarni davolashda qoʻllaniladi. Oʻsimlik oʻziga xos xushboʻy hidi, yorqin rang va taʼm berishi bois turli taomlarga qoʻshiladi. Undan qandolat mahsulotlari, kremlar, muzqaymoq tayyorlashda ham foydalaniladi. Zaʼfaron qoʻshilgan oziq-ovqat mahsulotlari bir necha kungacha sifatini yoʻqotmaydi.
Yurtimizda ushbu oʻsimlikni koʻpaytirish va plantatsiyalarini tashkil etish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Botanika bogʻi olimlari tomonidan olib borilgan. Natijada rivojlangan mamlakatlarda farmatsevtika, kosmetologiya, xalq tabobati, hatto pazandalikda keng foydalaniladigan zaʼfaron yurtimiz tuproq-iqlim sharoitiga toʻliq mos ekani, Fargʻona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlarining togʻ va togʻoldi hududlarida, bogʻ va tokzorlar qator oralarida, oʻrmon hududlarida yetishtirish imkoniyati mavjudligi isbotlandi.
Bugungi kungacha markaz tomonida qanday loyihalar amalga oshirildi?
Bosqichma-bosqich ravishda Respublikamizning 23 ta tumanida 50 gektardan qimmatbaho zaʼfaron oʻsimligini yetishtirish, uning gulbarglari, shirasi va ziravorini qayta ishlash, piyozini koʻpaytirishni tashkil etish koʻzda tutilgan.
Mazkur markaz 2017-yilning avgust oyida Gollandiyaning yirik kompaniyasidan 36,4 tonna tuganak piyozlar xarid qilgan edi. Oʻz vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijasida zaʼfaron (shafran) plantatsiyalarda ekilgan bu tuganak piyozlarning 95-98 foizi koʻkardi. Dastlabki yilda ularning qariyb 40 foizi gulga kirdi. Demak, ular yurtimiz iqlimiga moslashmoqda.
Namangan, Sirdaryo, Toshkent va Surxondaryo viloyatining turli hududlariga 12,5 gektarga, Izboskan tumanida 5 gektarga, Shahrisabz tumanida 10 gektar va Yuqori Chirchiq tumanida 21,5 gektarga ekma zaʼfaron plantatsiyalari tashkil etildi.
Plantatsiyalarda ekilgan ekma zaʼfaronning 17 tonna tuganak piyozlari kovlab olindi. Tuganak piyozlar Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimidagi 13 ta hududiy oʻrmon xoʻjaligida yangi plantatsiyalar tashkil etish uchun ekildi.
Birinchi vegetatsiya yilida har gektardan 300 grammdan, jami 11 kilogrammdan koʻproq xom ashyo olindi. Bunga ajablanishning hojati yoʻq. Oʻsimlik xususiyatiga koʻra, bir gektar plantatsiyadan birinchi yili oʻrtacha 250-300 gramm hosil beradi. Keyinroq hosildorlik 7-8, 15-16 kilogrammgacha koʻpayadi. Hatto zaʼfaronning vatani hisoblangan mamlakatlarda ham gektaridan uch kilogrammgacha mahsulot yetishtiriladi, xolos.
Bugungi kunda ushbu dorivor oʻsimlikning bozordagi narxi qanaqa?
Gulsafsardoshlar oilasiga mansub zaʼfaron dunyodagi eng qimmat dorivor oʻsimliklar sirasiga kiradi. Bugungi kunda uning 1 kilogrammi jahon bozoridagi sifatiga qarab, 2 000 dollardan 10 000 dollargacha baholanadi. Mazkur oʻsimlik, asosan, Eron, Ozarbayjon, Turkiya, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Ukraina, Avstraliya kabi yigirmaga yaqin ortiq mamlakatda yetishtiriladi.
Markaz zaʼfaron va boshqa dorivor oʻsimliklarning eng yaxshi namunalarini tanlab olib, ularni koʻpaytirish, yetishtirishda tashabbuskorlarni qoʻllab — quvvatlashga tayyor.
Markaz va Palata birgalikda dorivorchilik hamda ziravorchilik yoʻnalishi boʻyicha yangi loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishga kelishib oldi, deb xabar beradi Savdo Sanoat palatasi matbuot xizmati.









