Mazkur yigʻilisha yurtboshimiz mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga yana bir bor alohida toʻxtalib oʻtdi. Prezidentimiz tomonidan tegishli masʼullarga bir kunlik muddatda aholimizni qiynayotgan amaldagi test-tahlil topshirish jarayonini qayta koʻrib chiqib, aholi uchun qulay tizimni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, joylarda zaruriy dori-darmon zaxiralarini shakllantirish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.
Soʻngi hafta davomida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan uy sharoitida davolanish uchun tavsiya etilgan dorilari hamda mazkur dorilarning respublikamiz dorixonalarida sotuvda yoʻqligi, sotuvda mavjudlari ham odatdagidan judayam qimmat narxda sotilayotganligi yuzasidan koʻplab shikoyat murojaatlari kelib tushdi.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan 2020-yilning 15-iyul kuni Respublika maxsus komissiyasi tomonidan uy sharoitida covid-19 infeksiyasini davolash uchun tavsiya etilgan «Azitromitsin», «Plakvenil», «Lopinavir/Ritonavir», «Remdesivir», «Umifenovir» hamda «Favipiravir» dorilarining dorixonalarda sotuvda mavjudligi, ularning narxi yuzasidan jamoatchilik nazorati tartibida monitoring oʻrganishlari oʻtkazildi.
Unga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasining tuman (shahar)larida faoliyat koʻrsatayotgan dorixonalar tanlanma usulda oʻrganilganda mazkur dorixonalarda Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan tavsiya etilgan dorilarning atigi bittasi «Azitromitsin» sotuvda mavjud ekanligi, 6 mingdan soʻmdan 30 ming soʻmgacha sotilayotganligi kuzatildi. Qolgan turdagi dorilar sotuvda mavjud emas.
Andijon viloyatining dorixonalarida ham faqatgina «Azitromitsin» sotuvda boʻlib, mazkur dori vositasi 3 mingdan 36 ming soʻmgacha sotilayotganligi kuzatildi. «Plakvenil» esa viloyatning Andijon shahar, Asaka, Buloqboshi, Qoʻrgʻontepa hamda Shaxrixon tumanlaridagi ayrim dorixonalarda sotilayotganligi boʻlib, uning narxi 235 ming soʻmdan 282 ming soʻmgachani tashkil etmoqda.
Buxoro viloyati hududidagi dorixonalarda «Plakvenil», «Lopinavir/Ritonavir», «Remdesivir», «Umifenovir» hamda «Favipiravir» dorilari sotuvda mavjud emas. Faqatgina «Azitromitsin» dorisi sotuvda mavjud boʻlib, mazkur dori 4500 soʻmdan 15000 soʻmgacha sotilmoqda.
Jizzax viloyati hududidagi dorixonalarda ham faqatgina «Azitromitsin» sotuda mavjud. Mazkur dori viloyat dorixonalarida 5 ming soʻmdan 8 ming soʻmgacha sotilmoqda.
Qashqadaryo viloyati hududidagi dorixonalarida olib borilgan oʻrganishlar natijasiga koʻra, «Plakvenil», «Lopinavir/Ritonavir», «Remdesivir», «Umifenovir» hamda «Favipiravir» dorilari umuman sotuvda mavjud emasligi, sotuvda mavjud boʻlgan «Azitromitsin» dorisi ishlab chiqarilgan mamlakatiga koʻra narxida farqlanadi. Mazkur dori vositasi 4 mingdan 38 mingcha sotilmoqda.
«Plakvenil», «Lopinavir/Ritonavir», «Remdesivir», «Umifenovir» hamda «Favipiravir» dorilari viloyat hududidagi dorixonalariga soʻngi uch oydan beri sotuvga olib kelinmayotganligi aniqlandi.
Respublikamizning qolgan hududlarida ham shunga oʻxshash jarayon boʻlib, «Plakvenil», «Lopinavir/Ritonavir», «Remdesivir», «Umifenovir» hamda «Favipiravir» dorilari sotuvda mavjud emas. Soʻngi uch oydan beri tarqatuvchi korxonalar tomonidan yetkazib berilmayapti.
«Azitromitsin» dori vositasi Navoiy viloyatining dorixonalarida 4 mingdan 12 ming soʻmgacha sotilayotganligi, ayrim dorixonalarda umuman qolmaganligi kuzatildi. Namangan viloyati hududidagi dorixonalarda 5 ming soʻmdan 12 ming soʻmgacha, Surxondaryo viloyatida 5 ming soʻmdan 12 ming soʻmgacha, Sirdaryo viloyati dorixonalarida 6 ming soʻmdan 40 ming soʻmgacha, Fargʻona viloyatining dorixonalarida 4 mingdan 36 ming soʻmgacha, Xorazm viloyatida esa 4800 soʻmdan 34000 soʻmgacha, Toshkent viloyatida 4500 soʻmdan 40000 soʻmgacha, Toshkent shahrida 6 mingdan 35 mingcha sotilayotganligi aniqlandi.
Namangan viloyatining Mingbuloq tumanidagi «Golden Aziya Farm» korxonasiga qarashli dorixonada «Plakvenil» dorisi 234 ming soʻmdan sotilayotganligi kuzatildi. Uning zaxirasi ham 60 dona qutidan iborat.
Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan uy sharoitida davolanish uchun tavsiya etilgan dorilarning respublikamiz dorixonalarida mavjudligi hamda ularning sotuvdagi narx-navosi toʻgʻrisidagi holat Federatsiya tomonidan jamoatchilik nazorati tartibida doimiy oʻrganib boriladi hamda bu borada keng jamoatchilik xabardor qilinadi.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi
Matbuot xizmati