Dorixonalarga “sayohat”

    Muzeyda farmasevtika sohasiga doir noyob eksponatlar joylashtirilgan.

    Bir guruh jurnalistlar uchun “Dori-Darmon” AK hamda “Buxoro Dori-Darmon” MCHJ bilan hamkorlikda press-tur tashkil etildi. Jarayonda OAV vakillari jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonlar faoliyati bilan tanishdi.

    Media turning ilk manzili 2018-yilda ochilgan Farmasevt tarixiy muzeyi bo'ldi. Tarixni bilmasdan rivojlanish bo'lmaydi deganlaridek, ushbu muzeyda farmasevtika sohasiga doir noyob eksponatlar joylashtirilgan. Farmasevt tarixiy muzeyida Buxoro viloyat Qorako'l tuman hududida joylashgan qadimgi Paykent shaharchasida arxeologik izlanishlar natijasida topilgan dorivor damlamalar, eritmalar tayyorlaydigan qozon idishlar muzeyga joylashtirildi. Dori-darmonlarga oid kitoblar, qo'llanmalar, buyruqlar, Ibn Sinoning 5 tomli “Tib qonunlari” kitobi, ilmiy asarlar muzeydan o'rin olgan, shuningdek, ta'kidlab o'tish joizki Farmatsevt tarixiy muzeyi arxiv asosida ma'lumotlar bilan boyitilgan.

    Press turning ikkinchi obyekti Markaziy dorixona va retseptura bo'limi bo'lib, unda shifokor retsepti asosida dori vositalari tayyorlab beriladi. Bunda shifokor–bemor-farmatsevt uchligi kasallikka qarshi individual yondoshgan holda kurash olib boradi. Bugungi kunda retseptura bo'limi tomonidan 15 dan ortiq dori vositalari tayyorlanadi, shuningdek, bo'lim tomonidan antitseptik vositalari Jahon sog'liqni saqlash ko'rsatmasiga asosan tayyorlanib aholiga yetkazilmoqda.

    Joriy yilning o'tgan davri mobaynida Buxoro viloyati aholisini sifatli va zarur dori vositalariga bo'lgan talabini qondirish maqsadida ko'pgina ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Respublikamizdagi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar va ulgurji dori sotish firmalari bilan 107 ta shartnoma qilinib, 1-iyun holatida 24 milliard 632 million 613 ming so'mlik dori vositalari va tibbiy buyumlar sotib olinib, davolash profilaktika muassasalariga 7 milliard 330 million so'mga yaqin va viloyat aholisi uchun 18 milliard 250 million so'mlik dori-darmonlar etkazib berildi.

    O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-iyuldagi “Shaxslarning ayrim toifalarini imtiyozli asosda dori vositalari bilan ta'minlash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli ta'minlanish huquqiga ega bo'lgan 13 toifadagi kasalliklar va shaxslar ro'yxati tasdiqlangan bo'lib, ularning dori-darmonlari uchun sarflanadigan xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi. Bu toifaga kiruvchi bemorlarga MCHJ tizimidagi dorixonalardan 2020-yilda 35 400 ta retseptlar asosida 23 900 nafar bemorlarga 1 milliard 300 million so'mlik, 2021-yilning birinchi choragida 10,4 ta retseptlar asosida 7 477 nafar bemorlarga 404 million so'mlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari bepul retseptlar asosida berilgan.

    Jamiyatning 2020-yildagi jami tovar aylanmasi 75,4 milliard so'mni, shundan ulgurji tovar aylanmasi 35,9 milliard so'm, chakana tovar aylanmasi 39,5 milliard so'mni tashkil etdi. 2021-yilning 1-choragida esa 14 milliard so'mni, shundan chakana savdo 10,5 milliard so'mni, ulgurji savdo qariyb 3,5 milliard so'mni tashkil etmoqda.

    Press-turning uchinchi obyekti Vobkent tumanida foydalanishga topshirilgan ijtimoiy dorixona hisoblanadi. Ijtimoiy dorixona — bu o'z logotipiga ega bo'lgan, O'zbekiston Respublikasi davlat ro'yxatidan o'tkazilgan dori vositalari va tibbiy buyumlaridan tashqari, ijtimoiy ahamiyatga ega bo'lgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning realizatsiya bilan shug'ullanadigan tashkilotdir. Vobkent tumanida ana shunday dorixonalardan yana biri 2020-yilning mart oyidan buyon tuman aholisiga xizmat qilib kelmoqda.

    Bundan tashqari, Qorako'l va Buxoro tumanlarida ham yangi ijtimoiy dorixonalar qurilishi boshlab yuborilgan.