Bugun roʼy berayotgan voqealarga bir nazar tashlaymiz. Yurtimizda kambagʼal, nochor, ehtiyojmandlarning ogʼiri yengil boʼlyapti. Bemorlar holidan xabar olinib, gʼamxoʼrlik koʼrsatilyapti. Аdashib, xorijiy yurtlarga borib qolgan va zulm tigʼida azoblangan ayollar, bolalar oʼz vataniga kaytarilyapti. Fuqaroligi boʼlmagan koʼplab vatandoshlarimizga fuqarolik nima ekanini tushunmoqda: ularga mana shunday baxt berilyapti.

Kecha paxtaga egilgan millat ziyolilarining bugun qaddi koʼtarildi. Hamma oʼz kasbi, oʼz ishi bilan mashgʼul. Qayoqqa qaramang, yangilanish, katta-katta oʼzgarishlar... Bu yaxshiliklarning boshida elparvar bir inson turibdi. Koʼzingiz oldida mahallalarga toʼgʼri kirib borayotgan, xalq dardiga quloq tutib, malham boʼlayotgan, oddiy odamlar bilan qoʼl berib koʼrishayotgan, yurt kezib muammolarni oʼrganayotgan, oʼz oʼrnida yechim topayotgan tinim bilmas, zaxmatkash inson keldimi? Ha, u bizning Prezidentimiz. Nafaqat oʼzi, balki barcha rahbar va mutasaddilarni xalqning huzuriga chiqargan, odamlarga xizmat qilish har bir rahbarning burchi ekanini uqtirayotgan aynan bizning  Prezidentimiz. 

Men adabiyotni yaxshi koʼraman. Shu muhabbat oʼzbek adabiyotining mangu buloqlari – Oʼzbekiston Qahramonlari Erkin Vohidov, Аbdulla Oripov, Ibroxim Gʼofurov, Oʼzbekiston xalq yozuvchisi Oʼtkir Hoshimov, Oʼzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevalar bilan bogʼladi, oʼttiz yildan ortiq ularning qanoati ostida boʼldim. Juda koʼp yangi asarlarning birinchi oʼquvchisiga aylandim. Men uchun aziz boʼlgan bu ustoz ijodkorlarning ijod maktablari qurilgani, ularda minglab yoshlarning tahsil olayotgani tahsinga loyiq emasmi?

Odatda, haqiqiy mard inson yaxshi kunda ham, yomon kunda ham darddosh, yelkadosh boʼladi. Yaratganning sinovlari qatorlashib keldi. Buxorodagi tabiiy ofat, Sardobadagi suv toshqini... Biz Sardoba voqealarining ichida boʼldik. Prezidentimizning voqea joyiga darhol yetib kelgani, metin iroda bilan elning koʼnglini koʼtargani katta dalda boʼldi. Bu sinov xalqni birlashtirdi, bir-biriga mehrini oshirdi. Davlat tomonidan juda tezkor choralar koʼrildi.

Bugun Sardobaliklar yoʼqotganlaridan ham ziyodasiga erishdi. Eski qishloqlar oʼrnida qisqa vakt ichida goʼzal, zamonaviy shahar qad koʼtardi. Karvonning goʼzal manzillarga yetishida sarbonning tajribasi, zukkoligi muhimdir.

Mening onam 100 yoshdan oshib dunyodan oʼtdi. Hali-hamon koʼzim oldida: 2016 yilda saylov jarayonlari kechayotgan bir pallada onam televizor orqali yurtdagi yangiliklarni kuzatar ekan, koʼylaklarining uzun yenglarini hilpiratgancha duo qilardi, duolari bayt boʼlardi:

  Koʼtardim bilagimni,

 Аytayin tilagimni.

 Shavkatjondir er jigit,

Polvon , oʼktam zoʼr jigit.

Elu yurtga boʼlsin bosh,

Yaxshilar boʼling yoʼldosh.

Murodi boʼlsin hosil,

Qodir egam nazar qil.

Farishtasifat onamning ovozlari qulogʼimga koʼrgʼoshinday quyilgan.  Bugun bizning Prezidentimiz bunday onalarning, ulugʼlarning ming-minglaridan duo olyapti. Inson qadri, elu halq manfaati roziligi yoʼlida oʼz oromidan kechgan har qanday inson qadru qimmatga, hurmatga, eʼzozga loyiqdir.

Momolarning doim qoʼli duoda,

Sardobada , Buxoro ham Quvada.

Bunday mehr kelmas axir havodan,

Doʼstlar, qadrlaylik Yurtobshimizni.

Muzaffar saflarning oldida borib,

Yashnataylik yurtni – goʼzal boʼstonni.

Baland qadrin yana baland koʼtarib –

Boshda tutib yangi Oʼzbekistonni.

                Mamatqul BOZORBOYEV, shifokor,

Oʼzbekiston Respublikasi sogʼliqni

saqlash aʼlochisi,

Oʼzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi.