Qayd etilishicha, moddiy manfaatdorlik evaziga ushbu shaxslar 9 kg ogʻirlikdagi 3 dona “Ariel” kir yuvish kukunini chegara bojxona postidan olib oʻtayotgan vaqtida toʻxtatilgan va mazkur tovarlar bojxona koʻrigidan oʻtkazilgan.
Oʻtkazilgan koʻriklarda kir yuvish kukuni qadogʻi muqaddam ochilgani va uning ichiga aslida “pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi joylangani aniqlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, pregabalinni qabul qilib oluvchi shaxsga yetkazayotgan yoʻlovchi ham Ohangaron tumanida qoʻlga olindi. Uning yonida 27 kg. ogʻirlikdagi 9 dona kir yuvish kukuniga ham kuchli taʼsir qiluvchi moddalar aralashgani aniqlandi.
Kalavaning uchi tezkor xodimlarni poytaxtimizning Uchtepa tumaniga yetakladi. Boisi yuqoridagi barcha kuchli taʼsir qiluvchi moddalar aynan ushbu tumandagi xonadonlardan biriga keltirilishi kerak edi.
Shubha ostiga olingan shaxsning ushbu tumanda ijarada yashab kelayotgan xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida bu yerda yashirin narkolabaratoriya tashkil etishga hozirlik koʻrilayotgani fosh boʻldi.
Xususan, quchli taʼsir qiluvchi moddalarni qayta ishlash va taqsimlash maqsadida turli jihozlar, xom ashyo va boʻsh kapsulalar borligi aniqlandi, — deb yozadi Bojxona qoʻmitasi matbuot kotibi.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlaridan soʻng “Doʻstlik” chegara bojxona postida aynan ushbu laboratoriyaga yetkazilishi kerak boʻlgan, 20 kg. ogʻirlikdagi 2 nomdagi kir yuvish kukuni qadoqlariga joylangan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning navbatdagi partiyasi ham qoʻlga olingan.
Shunday qilib tezkor tadbirlar yakunida qonunbuzar shaxslardan jami ogʻirligi 56 kg.ni tashkil qiluvchi 16 dona kir yuvish kukuni qadoqlariga solingan kuchli taʼsir qiluvchi moddalar olib qoʻyildi.
Shundan 45 kilogramini Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan oʻtkazilgan ekspertiza natijalariga koʻra “pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi tashkil etishi aniqlangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga mazkur kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qora bozordagi narxi 40 mlrd soʻmni tashkil qiladi.
Hozirda jami ogʻirligi 45 kg. “pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi daliliy ashyo sifatida olinib, bojxona organlari tomonidan holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.









