“Doʻstlik konserti”: Qozogʻiston Mudofaa vazirligi ansambli Oʻzbekiston shaharlarida oʻz chiqishlarini namoyish etmoqda

    Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33-yilligi munosabati bilan Qozogʻiston Mudofaa vazirligi ijodiy jamoasi yurtimizga tashrif buyurib, Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida hamkorlikda konsert dasturlarini namoyish etmoqda.

    Xususan, tashrifning birinchi kuni qoʻshni davlat harbiy ansambli Buxoroda boʻlib, Labi-hovuz majmuasida konsert dasturini namoyish etdi.

    “Doʻstlik konserti” nomini olgan tomoshalar davomida davomida vatanparvarlikni targʻib etuvchi qozoq hamda oʻzbek milliy kuy-qoʻshiqlari ijro etildi, raqs jamoalari kompozitsion chiqishlar qilishdi. Konsert tomoshasi shahar aholisi va mehmonlarga, ayniqsa, xorijiy davlatlardan kelgan sayyohlarga koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi.

    Kuni kecha esa Qozogʻiston Mudofaa vazirligi ansambli Samarqand Boqiy shahar turistik majmuasida oʻz chiqishlari bilan barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

    Taʼkidlash kerakki, qardosh qozoq xalqining ijodiy jamoasi bugun, 29-avgust kuni poytaxtimizdagi Toshkent City majmuasida oʻz konsert dasturlarini namoyish etadi. Yurtdoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik navolariga yoʻgʻirilgan ushbu konsertga taklif qilib qolamiz.