Har yili Andijondan Qirgʻizistonga 200 million dollarlik eksport amalga oshirilmoqda.
Qoʻrgʻontepa va Xoʻjaobodda ham xuddi Afgʻoniston chegarasidagi kabi erkin savdo va sanoat zonalari tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan maslahatlashgan holda ushbu ikkita hududdan bittasini tanlab, master-reja ishlab chiqish topshirildi.
Xoʻjaoboddagi “Doʻstlik” postidagi katta tirbandlikdan aholi ham, tashuvchilar ham norozi ekaniga eʼtibor qaratildi. Masʼul vazirlik va idoralar oldiga tirbandlik sababini oʻrganib, tez fursatda buning yechimi boʻyicha taklif berish vazifasi qoʻyildi.
“Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy” temir yoʻlini qurish boʻyicha yirik loyiha ishga tushishi natijasida tashish muddati 1 haftaga, masofasi 1 ming kilometrga qisqaradi, yuk tashish 10 barobar oshadi.
«Lekin ichki temir yoʻl tarmoqlarimiz, bojxona punktlari, stansiyalar bu yukni qabul qilish va oʻtkazishga qanchalik tayyor?«, — deya savol qoʻydi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilarga bu boradagi hisob-kitoblarni qilib, amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha dastur tayyorlash topshirildi.