“Dream team" — yosh tadbirkorlar uchun katta maktab

    Navoiy viloyatida Oʼzbekistondagi ilk quyosh fotoelektr stantsiyasi ochilishi marosimida yosh tadbirkor Merey Omonboyeva ham soʼz olib, viloyat tadbirkor yoshlari amalga oshirayotgan ishlar va rejalar haqida gapirgan edi. Merey chorvachilik klasteri rahbari, shu bilan birga, oilaviy bogʼcha faoliyatini yoʼlga qoʼygan. Аyni paytda biznes yoʼnalishida navoiylik yoshlarga trenerlik ham qilmoqda.

    Merey Omonboyeva tashabbusi bilan viloyat yosh tadbirkorlari birlashib, “Dream Team” jamoasini tuzishdi. Jamoaning maqsadi tadbirkorlikka qiziquvchi navoiylik yoshlarga yoʼl-yoʼriq koʼrsatib, yangi takliflar berishdan iborat. Jamoada turli sohalarda faoliyat koʼrsatuvchi yosh tadbirkorlar birlashgan. Ular birgalikda viloyat rivojiga oʼz hissasini qoʼshuvchi yangi loyihalar ustida ishlaydi. Jamoa bayramlarda kam taʼminlangan, boquvchisini yoʼqotgan, imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz uchun doimiy saxovat ishlarini ham amalga oshiradi.

    Merey Omonboyeva, jamoa sardori:

    — Biz nafaqat shaharda, balki barcha tuman va qishloqlarda faoliyat yuritamiz. U yerda ham biz bilmagan, tanimagan liderlar, yosh tadbirkorlarni kashf etishimiz mumkin. Niyatimiz — safimizni kengaytirish orqali viloyatimiz rivojiga oʼz hissamizni qoʼshish. Jamoamizda har bir soha boʼyicha oʼzining teran fikrlarini bildirib, yangi takliflar bera oladigan, har bir ishni chuqur tahlil qiladigan yetakchi yoshlar yigʼilgan. Katta maqsadlarni oldimizga qoʼyganmiz va bunga erishish yoʼlida astoydil harakat qilamiz.


    Gʼolibjon Karimov, jamoa aʼzosi:

    — Jamoa aʼzolaridan “Sizlarga bunday yurishdan qanday foyda bor?” deb soʼrashadi. Biz oʼz foydamizni oʼylab yoshlarga yordam qoʼlini choʼzmadik. Yosh tadbirkorlarga imkoniyatlar yaratilib berilmoqda va biz bundan oqilona foydalanish uchun harakat qilyapmiz. Yurtdoshlarimizga foydamiz tegsin, degan maqsadda jamoani tashkil etdik. Oʼylaymanki, jamoamiz bilan hali koʼp loyihalarni amalga oshiramiz.

    Mehroj Rahmatov, jamoa aʼzosi:

    — Biz jamoamiz bilan bir oilamiz. Har bir boshlagan ishlarimizni chuqur tahlil qilamiz. Viloyatimizda ishimizni kuzatuvchilar koʼp. Xato qilmaslikka harakat qilamiz, muammolarga duch kelsak, ustozlar bilan maslahatlashib, oqilona yechim topamiz. Viloyat hokimi, yirik tadbirkorlar, iqtisodchi professorlar bilan doimiy muloqotda boʼlamiz. Viloyat hokimi bilan hokim sifatida emas, koʼp yillik tajribali ustoz sifatida emin-erkin muloqotda boʼla olamiz. “Dream Team” — yosh tadbirkorlar uchun katta maktab. Jamoa aʼzolari bir guruhda jam boʼlganidan mamnun. Ular oʼz oldiga katta maqsadlarni qoʼygan. Hozir faoliyatini Navoiy viloyatida davom ettirayotgan jamoa asta-sekin mamlakatimiz boʼylab oʼz safini kengaytirmoqchi. Zero, yosh tadbirkorlarga bildirilayotgan ishonch yoshlarga qanot boʼlmoqda.