Mamlakatimizda energiya resurslariga talab yildan yilga oshib bormoqda. Bunga mos ravishda yangi stansiyalar qurilib, manbalar koʻpaytirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni energiya tejamkorligini taʼminlash, muqobil quvvatlardan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokamasi boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. Fargʻona politexnika instituti olimlari tomonidan Fargʻona tumanidagi yirik obyektlarning elektr isteʼmoli oʻrganilib, ilmiy-texnik asoslangan tahlillar berilgani taʼkidlandi. Shu bilan birga, energetika sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari oldiga hududlarda elektr energiyasidan samarali foydalanish boʻyicha tahliliy, ilmiy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga doir topshiriqlar berildi.
Topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida, institutda joriy yilning 4-5-sentyabr kunlari energetika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonini dual taʼlim shaklida tashkil etishga qaratilgan 16 soatlik (oflayn) malaka oshirish kursi boʻlib oʻtmoqda.
Unda respublikamizdagi energetika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalarining 50 nafardan ortiq kafedra mudir va professor-oʻqituvchilari hamda hamkor tashkilot vakillari qatnashmoqda.
Anjumanda soʻzga chiqqanlar hozirda yurtimizda energetika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda sohadagi muammolarga ilmiy yechim topishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, kurs dasturiga muvofiq bugun ekspertlar tomonidan Fargʻona tumani misolida “Elektr tarmoqlarida energiya samaradorligini ilmiy-texnikaviy tahlili”, “Nasos stansiyasiga tegishli transformator punktlarida energiya samaradorlik boʻyicha amalga oshirilgan amaliy ishlar”, “Energiya hajmdor korxonalarda ekspress energetik audit oʻtkazish” va “Energiya hajmdor korxonalarda ekspress energetik audit oʻtkazish” boʻyicha maʼruzalar qilinib, mavzu yuzasidan muhokamalar olib boriladi.
Hamkorlik materiali