"Khiva” restoranining tantanali ochilish marosimida O‘zbekistonning BAAdagi elchisi Abdulaziz  Aqqulov, Dubaydagi Bosh konsul Alisher Salomov, biznes doiralar vakillari, Amirliklardagi faol vatandoshlar, OAV vakilari va blogerlar ishtirok etishdi.

Maʼlumki, bugungi kunda O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati, sayyohlik va iqtisodiy salohiyatini jahon miqyosida keng targ‘ib etishga xorijiy mamlakatlardagi vatandoshlar ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelishmoqda. BAAda “Khiva” restoraning ochilishi vatandoshlarimizning ushbu yo‘nalishdagi navbatdagi loyihasi bo‘ldi.

Restoran dizayni o‘zbekcha uslubda ishlangan bo‘lib, uning ichki qismi xalqimizning milliy hunarmandchilik anʼanalari uslubida barpo etilgan bo‘lib, xalqimiz amaliy sanʼati buyumlari, oshxona jihozlari hamda boshqa aksessuarlar bilan bezatilgan.  

Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar “Khiva” o‘zbek milliy  restoraning ochilgani  ikki mamlakat o‘rtasida barcha sohalarda jadal surʼatlarda rivojlanayotgan o‘zaro munosabatlar doirasidagi navbatdagi muhim voqea bo‘lgani qayd etdilar.

Tadbir doirasida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti Jenisbek Piyazov o‘zining konsert dasturini namoyish etdi.