Dubaydagi pichoqbozlik oqibatida 15 nafar oʻzbekistonlik qoʻlga olingan

    TIV holat yuzasidan rasmiy izoh berib, qonunbuzarlik holatlari koʻpayayotgani vizasiz rejimga taʼsir koʻrsatishi mumkinligini taʼkidladi.

    Qayd etilishicha, Dubay shahrida Oʻzbekiston fuqarolari oʻrtasida yuzaga kelgan holat yuzasidan aniqlik kiritish maqsadida mamlakatimiz diplomatlari Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda BAA tomoni mazkur holat boʻyicha tergov harakatlari olib borilayotganini, 15 nafar Oʻzbekiston fuqarosi qoʻlga olinganini maʼlum qildi.

    Shuningdek, soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari koʻpayayotgani ikki davlat oʻrtasidagi vizasiz tartibga taʼsir koʻrsatishi mumkinligi taʼkidlandi.

    Tashqi ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

    Oʻzbekiston fuqarolarini xorijda yurtdoshlarimiz shaʼniga dogʻ tushiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqiramiz, — deyiladi xabarda.