Dubayda suzib yuruvchi politsiya uchastkasi ishga tushiriladi

    Dubay politsiyasi 2026-yil oxirigacha ishga tushishi kutilayotgan Yaqin Sharqdagi birinchi suzib yuruvchi aqlli politsiya uchastkasini ishlab chiqish rejasini ma'lum qildi.

    Mazkur tashabbus qiymati 2 milliard BAA dirhami (taxminan 545 million dollar) bo'lgan strategik loyihaning bir qismi bo'lib, BAA vitse-prezidenti, bosh vaziri va Dubay amiri Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum tomonidan amalga oshirilmoqda va amirlikning uni dunyodagi eng aqlli va eng baxtli shaharga aylantirish borasidagi maqsadlariga mos keladi.

    Podpolkovnik Faysal Al Tamimi suzuvchi SPS maxsus yaxtalar, qayiq egalari va suv sporti ishqibozlari uchun mo'ljallanganligini ta'kidladi.

    Bo'lim jinoyatlar va yo'l harakati qoidalarini buzish holatlari to'g'risida xabar berish kabi 27 ta asosiy xizmatlar hamda 33 ta qo'shimcha, jumladan, yo'qolgan narsalarni topish va ruxsatnomalar berish kabi xizmatlarni ko'rsatadi. Barcha xizmatlar to'liq avtomatlashtiriladi va olti tilda kechayu kunduz foydalanish mumkin bo'ladi.

    Uchastka ishlarni optimallashtirish, an'anaviy servis markazlariga qaramlikni kamaytirish va samaradorlikni oshirish uchun ilg'or sun'iy intellekt va robototexnika texnologiyalaridan foydalanadi.

    Ushbu suzib yuruvchi uchastka Dubay SPS modellarining to'rtinchi versiyasiga aylanadi, u shuningdek Drive-Thru va Walk-In formatlarini o'z ichiga oladi. Ushbu yangiliklar xavfsizlik darajasini oshirish, hayot sifatini yaxshilash va aholiga yuqori texnologiyali xizmatlar ko'rsatishga qaratilgan, deb xabar beradi inform.kz.