Olimlarning taʼkidlashicha, bu paytda miyaga odatdagidan koʻproq qon boradi. Qon bilan ozuqa, kislorod koʻproq tashiladi. Natijada miyadagi katta-kichik qon tomirlari kengayib, miyaning hajmi ham muayyan darajada oʻzgaradi. Kengayish tabiiy ravishda ogʻriq hissini beradi.

Odam jismoniy mashqlarni boshlaganda ham qoʻl, oyoq, beldagi mushaklarda ogʻriq paydo boʻladi. Mashq qilavergach, mushaklari yuklamaga moslashadi, keyin mashqlar tanaga huzur bagʻishlaydi, sababi tana aʼzolariga koʻproq qon, qon bilan ozuqa, kislorod boradi. Bora-bora inson jismoniy mashq qilmasa, oʻzini yaxshi his qilmaydigan boʻlib qoladi.

Miya ham xuddi shu tartibda rivojlanadi. U oʻzining asosiy mashqi boʻlgan kitob oʻqish, bilimlarni oʻzlashtirish bilan baquvvatlashadi.

Inson kitob oʻqiyotganida miyasi videotas­vir tomosha qilish yoki audiokitob tinglashdan koʻra intensivroq ishlaydi. Jahondagi yirik institutlarda oʻtkazilgan bir qancha magnit-rezonansli tomografiya tadqiqotlari oʻqish va miya oʻrtasidagi bevosita bogʻliqlikni tasdiqlaydi. Chunki oʻqish jarayonida miyaning bir necha — koʻrish poʻstlogʻi, nutq markazlari, tasavvur va xotira uchun javob beradigan sohalari faollashadi.

Shuningdek, yangi neyron aloqalar mus­tahkamlanadi va shakllanadi, natijada kognitiv jarayonlar yaxshilanadi. Boshqacha aytganda, kitob oʻqish orqali miyaning murakkab rivojlanishi sodir boʻladi, Nafaqat savodxonlik, balki mantiq, ijodkorlik, tanqidiy fikrlash ham shakllanadi.

Bundan tashqari, xotira va konsentratsiya yaxshilanadi, chunki oʻqiyotganda inson diqqatni jamlashi va hikoyaning turli tafsilotlarini eslab qolishi kerak. Empatiya rivojlanadi, yaʼni inson boshqalarning his-tuygʻularini yaxshiroq tushunishni oʻrganadi. Yana stress darajasi kamayadi. Atigi 6 daqiqa oʻqish stress gormoni — kortizol darajasini 68 foiz kamaytirishi tadqiqotlarda isbotlangan.

Oʻqish jarayonida miyada bir vaqtning oʻzida vizual idrok ishlaydi, tasavvur faollashadi, soʻz va gaplarning semantik tahlili sodir boʻladi, xotira yaxshilanadi.

Miyaning samarali faoliyatini taʼminlaydigan neyronlar soni koʻpayadi, hayot soʻqmoqlarida baʼzan turli stressli holatlar, nomaqbul odatlar tufayli ojizlanib qolgan neyronlar qayta jonlanadi. Miyaning axborot va maʼlumotlarni qabul qilish, tahlil etish va saqlash qobiliyati ortadi. Intellektual salohiyat koʻtarila boshlaydi.

Kitob oʻqish tufayli har bir aʼzoning funksional vazifasini yaxshiroq bajarishi, meʼyorda ishlashi uchun masʼul miya boʻlmalarining boshqarish xususiyati kuchayadi.

Bosiq va barqaror xarakter, asab, gʻazabni boshqarish koʻnikmasi shakllanadi. Ichki bosiqlik tashqi xatti-harakatlarda namoyon boʻladi. Atrof-muhitda boʻlayotgan voqea, hodisalarni bosiqlik bilan qabul qilish, tahlil etish, shoshma-shosharlik bilan emas, vaziyatga qarab toʻgʻri xulosa chiqarish iqtidori, sabr, iroda paydo boʻladi.

Ratsional fikrlash qobiliyati, tafakkur qilish koʻnikmasi ortadi. Insondagi yomon, tushkun fikr-oʻylar oʻrnini ezgulik egallaydi. Jamiyatda oʻzini munosib tutish shakl­lanadi. Yuksalishga intilish, jamiyatda oldingi saflarda boʻlish xohishi kuchayadi.

Shuningdek, yon-atrofdagilar bilan muo­mala madaniyati oʻsadi. Jamiyatdoshlar, mahalladoshlar, yoru birodarlar bilan oʻzini koʻrsatib qoʻyish poygasiga kirishdek nomaqbul instinktiv istaklar oʻrnini bir-birini tushunib yashash, hurmat-izzat koʻnikmasi egallaydi.

Insonning oila tutish, roʻzgʻor yuritish, farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazish iqtidori yangi pogʻonaga koʻtarila boshlaydi, oila uchun iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, avvalgidan koʻproq moddiy neʼmatlarni izlab topish imkoniyatlari ortadi.

Hayotning iqtisodiy va maʼnaviy taʼminotini tashkil qilish uchun kerak boʻlgan bilimlarni, kasb-hunarni oʻzlashtirish osonlashadi. Turmush chorrahalarida yuzaga keladigan muammo va masalalarni yechish, qiyinchiliklarni ishonch bilan yengib oʻtish malakasi shakllanadi. Har bir ishni bajarishda sifat koʻrsatkichlari yaxshilanadi.

Bundan tashqari, masʼuliyat hissi yangi pogʻonaga chiqadi. Doim kitob oʻqiydigan insonda masʼuliyat tuygʻusi yelkaga yuk emas, balki oddiy hayot tarziga aylanadi. Isteʼmolchilik amaliyoti oʻrnini yaratuvchanlik qobiliyati egallaydi. Yangi mahsulot, texnologiyalarni kashf qilish iqtidori paydo boʻladi.

Hozir koʻpchilik ijtimoiy tarmoqlardagi kichkina-kichkina postlarni oʻqishga odatlanib qolgan. Qisqa postlar qandaydir axborotlarni yetkazishga moʻljallangan, ular miya xususiyatini oʻstirishga deyarli xizmat qilmaydi, aksincha, kichik diapazonda ishlashga moslashtirib qoʻyadi. Miya keng diapazonda ishlashi uchun uni shunga majbur qilish kerak. Bu juda ham oddiy hayot haqiqati, inson tana aʼzolarining biologik, fiziologik yashash tarzi shunaqa.

Oʻzi hayot harakatdan iborat, harakat qilgan odam uzoq-uzoqlarga bora oladi. ­Qoʻl-­oyoqlar, butun tana aʼzolari harakatga kelsa, ular uzoq vaqt yashaydi. Shuning uchun butun dunyoda insonlar jismoniy tarbiya bilan shugʻullanadi. Jismoniy mashq qilgan tana aʼzolari kuch-quvvatga toʻlib boraveradi. Ishlatilmagan tana aʼzosi esa oxir-oqibat yalqovlashib qoladi. Miya ham tananing bir aʼzosi sifatida ishlashga majbur qilinmasa, u qanday kuchaysin? Miyaning ham jismoniy, ham ruhiy tarbiyasi kitob oʻqish, yangi bilimlarni oʻrganishdir.

Shuning uchun yurtimizda kitobxonlikni ommalashtirishga keng eʼtibor qaratilyapti. Yaqinda start olgan Milliy kitobxonlik harakati bu borada yangi bosqichga koʻtarilishni taʼminlashi shubhasiz.

Keng kitobxonlik madaniyati targʻiboti ortida farzandlarimizning baxtli, munosib ­hayoti, ularni katta va yorqin hayotga tayyorlash maqsadi yotibdi.

Farzandim kelajakda yaxshi yashasin, iqtisodiy-madaniy rivojlangan jamiyatda oʻzining munosib oʻrnini topsin degan ota-onalar farzandlarini kitob oʻqish, yangi bilimlarni oʻzlashtirish sari yetaklashi shart. Shunda ular maqsadiga erishadi. Zero, dunyoda kitobdan yaxshi doʻst yoʻq.

Mizrob BOʻRONOV,

falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori