Dunyo bo'ylab qizamiq bilan kasallanganlar soni ortib bormoqda – JSST

    Dunyo bo'ylab qizamiq bilan kasallanganlar soni ortib bormoqda. Shu bilan birga, kasallikka qarshi emlash kamaymoqda. Bu haqda Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lum qildi.

    Mutaxassislarning qayd etishicha, 2022-yilda infeksiyadan vafot etganlar soni 2021-yilga nisbatan 43 foizga oshgan. Bemorlarning umumiy soni 9 million kishini, hayotdan ko'z yumganlar esa 136 ming kishini tashkil etadi. JSSTning ta'kidlashicha, ularning aksariyati bolalardir.

    “Bolalar uchun qizamiq xavfi doimiy ravishda o'sib bormoqda. 2021-yilda 22 ta davlatda, 2022-yilda esa 37 ta davlatda kasallikning keng ko'lamli va og'ir epidemiyalari qayd etilgan”, deyiladi JSST xabarida.

    Tashkilotning qayd etishicha, bu holat bashorat qilingan, chunki so'nggi yillarda emlash darajasi pasaygan, deb xabar beradi korrespondent.net.

    “2022-yilda 2021-yilga nisbatan dunyo bo'ylab emlash qamrovi biroz oshdi, ammo emlash dozasini olmagan bolalar soni 33 million nafarni tashkil etdi, ulardan deyarli 22 millioni birinchi dozani, 11 millioni ikkinchi dozani qabul qilmagan”, — deydi tashkilot mutaxassislari.