Toshkent davlat sharqshunoslik universitetning “Sharq mamlakatlari tarixi va antropologiyasi” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi Komil Azimovning “Blijniy Vostok: konfliktы za zemlyu, za vodu, za veru XX vek” nomli monografisi 2020 yilda Germaniyaning “Lambert” akademik nashriyot uyida chop etilgan edi. Monografiyaga MDH mamlakatlari sharqshunoslari tomonidan yuqori baho berilgan.
2021 yil Evropadagi bir qator nashriyot uylarining taklifi bilan monografiya ingliz, nemis, frantsuz, ispan, italyan, portugal hamda polyak tillariga bir vaqtning o'zida tarjima qilinib, Evropa, Lotin Amerikasi va AQSh tarixchi sharqshunos va siyosatshunoslariga taqdim qilindi. Buni o'zbek sharqshunosligining dunyo miqyosida navbatdagi e'tirofi sifatida baholash mumkin.
Tadqiqotda muallif o'zining uzoq yillik kuzatishlariga asoslanib yigirmanchi asrda shakllangan mintaqaviy ziddiyatlarni zamonaviy xalqaro munosabatlarning muhim tarkibiy qismlaridan biri sifatida tahlil qiladi. Muallif Yaqin Sharqdagi ziddiyatli vaziyatlar ob'ekti sifatida Suriya, Liviya, Falastin, Turkiya va Iroq kabi davlatlardan o'tadigan transchegaraviy daryolar bilan bog'liq bartaraf qilinmagan masalalar, suv resurslari bilan bog'liq muammoli vaziyatlar, shuningdek, diniy mazmundagi qarama-qarshiliklarni tadqiq qilib, ularning mohiyati, shakllanish evolyutsiyasi, joriy holati va kelajakda vaziyatning borishi bo'yicha ilmiy asoslangan tahliliy fikrlarni bayon qilgan.