Dunyo Samarqandga umid ko'zi bilan qaramoqda

    Samarqand sammitining birinchi kuni voqealari ham nihoyasiga etmoqda. Bugun sammit doirasida juda tig'iz ish kuni bo'ldi. Lekin tadbir doirasidagi tadbirlarni kuzatish xalqaro ekspertlar, siyosatshunoslar, keng jamoatchilik vakillari va umuman, butun dunyo ahli uchun juda maroqli bo'layotgani sezilib turibdi.

    Sammitning birinchi kuni yakunida mahalliy ekspertlar mulohazalari bilan o'rtoqlashdik.

    Ra'no Tursunova, tarix fanlari doktori:

    – Ta'bir joiz bo'lsa, bugun dunyo Samarqandga umid ko'zi bilan qaramoqda. Boisi, tarixdan Samarqand xotirjamlik va tinch muloqot timsoli bo'lib kelgan.

    Xalqlar o'rtasidagi ishonch yo'qolib borayotgan global kun tartibida “Madaniyatlar chorrahasi”, deb atalgan shahar eshitishga, eng muhimi, o'z suhbatdoshlarini tinglashga tayyor bo'lgan har bir insonga samimiy mehmondo'stligini namoyon etmoqda.

    Bizga har qachongidan ham ko'proq birlashish va birgalikda yashash uchun qo'shma reja ishlab chiqish zarur. SHanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti dunyo xalqlarida harakatlar urush tomon emas, tinchlik sari bo'layotganiga umid uyg'otadi.

    Afzal Ortiqov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi eksperti:

    Prezidentimiz ShHT sammiti oldidan e'lon qilingan maqolasida zamonaviy muammolarni echishning eng real va maqbul yo'li – konstruktiv muloqot va ko'ptomonlama hamkorlikka ishora qildi.

    Darhaqiqat, bugun Er shari odamlari duch kelayotgan turli sohalardagi global muammolarni o'zaro maslahatlashmay, bir mamlakat doirasida, faqat o'z manfaati uchun to'liq hal etib bo'lmasligi oydinlashib qoldi.

    Bugungi kunda Samarqandda eng ko'p yangrayotgan so'z – birlashish. O'z kelajagimiz uchun birlashish.