Unda keltirilishicha, ushbu epidemiya hozirgacha dunyoning 89 davlatida ro'yxatga olindi. Infektsiyani yuqtirgan bemorlar soni esa 27 814 nafarga etgan. Ulardan 11 nafari kasallik oqibatida hayotdan ko'z yumdi. Virusdan eng ko'p aziyat chekayotganlar ro'yxatida Evropa va Amerika qit'alari peshqadam. Xususan, shu kungacha AQSHda 7510 nafar bemorga maymun chechagi tashxisi qo'yilgan bo'lsa, Evropada bu ko'rsatkich 16 814 nafarga teng. Shundan Ispaniyada — 4577, Germaniyada — 2887, Buyuk Britaniyada — 2759, Frantsiyada — 2239, Braziliyada – 1721 ta holat qayd etilgan.
Qolgan 83 ta mamlakatda esa kasallanganlar soni ko'pi bilan 1000 nafardan oshmaydi. Nigeriyada 4 nafar, Ispaniya va Markaziy Afrika Respublikasida 2 nafardan, Braziliya, Gana hamda Hindistonda esa bir nafardan bemor xastalik tufayli vafot etgan.
JSSTning ma'lum qilishicha, hozircha maymun chechagiga qarshi alohida va maxsus vaktsinalar mavjud emas. SHunga qaramay, chechak kasalligining oldini olishda qo'llaniladigan emlash vositalari ushbu xavfli infektsiyadan himoyalanishda 85 foiz samara beradi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati