Dunyoda roʻy berayotgan qurolli mojarolarda aynan “ruhiy resurs” jang taqdirini hal qilmoqda

    «Yangi Oʻzbekiston« gazetasida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general mayor Shuxrat XALMUXAMEDOVning mudofaa tizimidagi oʻzgarishlar, yangiliklar haqidagi maqolasi eʼlon qilindi.

    Bugungi milliy armiyamiz tom maʼnoda Vatan shaʼni, xalq tinchligi va jonajon xalqimizning ertangi kuniga boʻlgan ishonch ramziga aylanib bormoqda. Armiya saflarida xizmat qilish yoshlarimiz uchun nafaqat muqaddas burch, balki yuksak shon-sharaf, iftixor, xalq ishonchiga sazovor boʻlishdek ulugʻvor maqomga aylandi.

    Bir soʻz bilan aytganda, zamonaviy oʻzbek armiyasi saflari milliy qadriyatlarimizni oʻz faoliyatiga chuqur singdira olgan, xalq xizmatiga vijdonan bel bogʻlagan, Vatan tinchligini oʻz hayotidan ustun qoʻyuvchi dovyurak oʻgʻlonlar bilan boyimoqda.

    Qonun, ijro va natijadorlik

    Yangi Oʻzbekiston armiyasini yangicha kuch va sifat bilan rivojlantirishda Prezidentimizning tegishli qaror va farmoyishlari muhim omil boʻlmoqda. Zero, undagi talab­lar shaxsiy javobgarlik va masʼuliyatni kuchaytirish, tashkiliy hamda nazorat faoliyatining shakl va uslublarini takomillashtirishni taqozo etadi.

    Mudofaa vazirligida ijro intizomini taʼminlash ishlari tizimli yoʻlga ­qoʻyilgan. Xususan, 2024-yil davomida “Ijro.gov.uz” elektron tizimi orqali 19 ta qonun, Prezidentning 149 ta farmoni, 272 ta qarori,

    41 ta farmoyishi va 31 ta bayoni doirasida vazirlikka yuklatilgan jami 1435 ta topshiriqdan 1321 tasi oʻz muddatida toʻliq ijro etildi.

    Bu boradagi kompleks chora-tadbirlar jarayonida ijro intizomining qatʼiyligi, shaxsiy masʼuliyat va tashabbuskorlik asosiy tamoyil etib belgilangan. Yuqori va quyi tizimlar oʻrtasida tezkor ichki axborot almashinuvi jarayoni toʻliq elektron formatga oʻtkazilgani sohaga doir qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish va monitoring qilishda oʻz natijasini bermoqda.

    Oʻtgan yil davomida Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy xizmatni oʻtash, harbiy kadrlar bilan ishlash tizimini rivojlantirish va ­kadrlar faoliyatini tartibga solish, shuningdek, ushbu sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan turli darajadagi 33 ta normativ-huquqiy va boshqaruv hujjati ishlab chiqildi.

    Ulardan Qurolli Kuchlarda harbiy xizmatni oʻtash masalalarini yanada takomillashtirishga qaratilgan hamda Prezidentimizning 2025-yil 14-fevraldagi farmoni bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Qurolli Kuchlar harbiy nizomlari harbiy xizmatchilarning kundalik jangovar-xizmat faoliyatini tashkil etish uchun mustahkam huquqiy poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.

    Shuningdek, malakali harbiy kadrlarni tanlash va ularning faoliyatini samarali boshqarish boʻyicha ochiq va shaffof tizim joriy etildi. Bunda elektron platformalardan foydalanish orqali kadrlar zaxirasini shakl­lantirish va ulardan samarali foydalanish tartibi yanada takomillashtirildi. Natijada qoʻshinlarda kadrlarni tanlash va lavozimlarga tayinlash jarayoni shaffofligi taʼminlanib, harbiy sohaga yangi avlodning bilimli va masʼuliyatli mutaxassislarini jalb qilish imkoniyati yaratildi.

    Harbiy sanʼatdagi yangi davr va tendensiyalar

    Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyati, harbiy xizmatchilarning jismoniy va maʼnaviy shayligini oshirish har qachongidan ham dolzarbdir. Bizning oldimizda Qurolli Kuchlarimizni yangi, modernizatsiya qilingan oʻt ochish tizimlari va texnika bilan taʼminlashni harbiy harakatlar teatri xususiyatlari, qoʻshinlarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda davom ettirish vazifasi bor.

    Oʻtgan oʻquv yili davomida qoʻshinlar tayyorgarligini yanada yaxshilash va zamon talablariga moslashtirish maqsadida 15 ga yaqin boshqaruv hujjati yangi tahrirda ishlab chiqildi va qoʻshinlarga yuborildi. Hujjatlar qoʻshinlar orasida oʻzaro hamjihatlik, samaradorlik va yuksak masʼuliyatni taʼminlash bilan birga, jangovar tayyorgarlikni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda.

    Jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlarida barcha toifadagi komandir va boshliqlarning asosiy diqqat-eʼtibori amaliy dala-oʻquv mashqlariga, mamlakatimiz sarhadlarini himoya qilishda kuch tuzilmalari bilan uzviy hamkorlikka qaratildi.

    Kichik komandirlarning boshqaruvchanlik mahorati oshdi, strategik, operativ va taktik boʻgʻinlarda boʻlinmalar tomonidan yangi taktik harakatlar oʻzlashtirildi. Jangovar tayyorgarlik jarayonida shaxsiy tarkibning psixologik tayyorgarligi hamda jangovar ruhini oshirish dasturi ishlab chiqildi.

    Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining taktik, operativ vazifalarni bajarish qobiliya­ti qoʻqqisdan sinovdan oʻtkazildi. Bunda qoʻshinlarni qayta guruhlash, desantlashtirish, havo-­desant qoʻshinlarini qoʻllash, temir yoʻl va havo transportida tashish, uzoq masofalarga marshlar uyushtirish, razvedka olib borish, jumladan, uchuvchisiz uchish apparatlarini qoʻllagan holda aviatsiya, artilleriya, tank va boshqa qurollardan jangovar otishlarni oʻtkazish tadbirlari amaliy tarzda bajarildi. Tekshiruvlar natijalariga koʻra, jangovar shaylik tadbirlari oʻtgan yildagiga nisbatan 1,5-marta koʻpayib, qoʻmondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligi oshishiga erishildi. Mudofaa vazirligi qoʻshinlari vazifalarni bajarishga shay deb baholandi.

    Bugungi kunda harbiy mojarolar barcha makonlar — quruqlikda, havoda, suvda va suv ostida, kosmik makonda, axborot va kibermakonda olib borilmoqda. Natijada oʻtmishda siyosiy maqsadlarga faqat qurolli kurash orqali erishilgan boʻlsa, bugungi kunda buni qurolli toʻqnashuvsiz amalga oshirish mumkin.

    Ayni davrda dunyo hamjamiyati harbiy toʻqnashuvlarni samarali hal qilish formulasini topishga intilmoqda. Shu maʼnoda, dunyoda sodir boʻlayotgan harbiy mojarolarning kelib chiqishi va ularning oqibatlari, xususan, sunʼiy intellekt, nanotexnologiyalar, robotlashtirilgan qurol va majmualarning qoʻllanilishi, axborot-psixologik xurujlarning yangi koʻrinishlarini tahlil qilgan holda qoʻshinlar va tegishli muassasalarda hozirgi zamon harbiy mojarolarida harbiy sanʼat rivojlanishidagi yangi tendensiyalarga yagona qarash va yondashuvlarni yaratish masalalari oʻrganilmoqda.

    Professional serjantlar — qoʻshinlarning tayanch ustunlari

    Prezidentimizning 2024-yil 27-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining professional serjantlar korpusi fao­liyatini yanada takomillashtirish chora-­tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash hamda oddiy askar va serjantlar tarkibiga mansub kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarlik darajasini oshirish, harbiy intizomni mustahkamlash, jamoaviy jipslikni taʼminlash, serjantlar korpusi faoliyatini rivojlantirish maqsadida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida alohida maqomga ega boʻlgan “bosh serjant” va “bosh serjant yordamchisi” lavozimlari tatbiq etildi.

    Ushbu lavozimdagi harbiy xizmatchilar uchun “birinchi serjant”, “shtab serjant”, “mas­ter serjant” va “serjant-mayor” harbiy unvonlari joriy etildi. Mazkur ­lavozimlarga tayinlash uchun 300 dan ortiq nomzod serjantlar orasidan saralandi hamda bugungi kunda vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalangan, intellektual salohiyat va yuksak harbiy mahorat, boshqaruvchanlik qobiliyatiga ega bosh serjant va bosh serjant yordamchilari tomonidan ­batalyon, brigada, okrug va vazirlik miqyosida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Kuchli raqobat muhitida rivojlanayotgan qoʻshinlar

    Qoʻshinlarda “Men gʻolib!” shiori ostida yakka va guruh tarkibida kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar bilan 23 ta yoʻnalishdagi mutaxassislik boʻyicha koʻrik-tanlovlar hamda askarlar bilan 25 ta yoʻnalish boʻyicha musobaqalar, shuningdek, Qurolli Kuchlar miqyosida “Oʻz kasbining ustasi” unvoni, “Eng ilgʻor mergan”, “Dovyurak jangchi”, “Toʻmaris” hamda “Amir Temur jangovar bayrogʻi uchun” musobaqa va koʻrik-tanlovlari oʻtkazilmoqda.

    Sogʻlom raqobat muhitida oʻtayotgan ushbu tadbirlar orqali mutaxassislarning kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish hamda guruhlarning jangovar vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish imkoniyatini baholashga erishdik.

    Keng koʻlamli islohotlar natijasida 2024-yil davomida Mudofaa vazirligi mutaxassislari turli xalqaro harbiy musobaqalarda faxrli oʻrinlarni egalladi. Xususan:

    — Pokistonda VII Xalqaro “Jamoa ruhi” musobaqasida — 1-oʻrin;

    — Turkiyada “Eng ilgʻor mergan” musobaqasida — 1-oʻrin;

    — Harbiy-kasbiy tayyorgarlik xalqaro Olimpiadasida — 1-oʻrin;

    — Janubiy Koreyada “Xalqaro ilmiy jangovar tayyorgarlik” musobaqasida — 1-oʻrin;

    — MDHga aʼzo davlatlar armiyalari oʻrtasida “Oʻq otish sporti” musobaqasida — 1-oʻrin;

    — Rossiyada “Sayan yurishi” musobaqasida — 2-oʻrin;

    — Janubiy Koreyada birinchi xalqaro merganlar musobaqasida — 2-oʻrin;

    — Buyuk Britaniyada “Kembriya patruli” musobaqasida — 2-oʻrin;

    — MDHga aʼzo davlatlar armiyalari oʻrtasida “Harbiy sport kompleksi koʻpkurashi” musobaqasida — 2-oʻrin.

    Mudofaa vazirligining 22 sportchisi mamlakatimiz sport terma jamoalari tarkibida Parij shahrida oʻtkazilgan yozgi Olimpiya oʻyin­larida 9 ta sport turi boʻyicha musobaqalarda ishtirok etdi. Olimpiya oʻyinlari yakuniga koʻra, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan 2 ta oltin, 1 ta kumush medal qoʻlga kiritildi. Paralimpiya oʻyinlarida ham Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 1 ta oltin va 1 ta kumush medal sohibi boʻldi.

    Shuningdek, harbiy xizmatchilar bilan aholi oʻrtasida “Xalq va armiya — bir tanu bir jon!” shiori ostida sportning ommaviy, texnik va amaliy turlari boʻyicha musobaqalar hamda barcha harbiy xizmatchilarni keng qamrab olgan harbiy sport oʻyinlari oʻtkazilmoqda.

    Poligonlardagi yangi oʻquv nuqtalari va amaliyot

    Bugungi kunda qoʻshinlar shaxsiy tarkibining zamonaviy jangovar harakatlarda qoʻllanilayotgan yangi taktik usul va uslublarni amalda oʻzlashtirishi uchun Mudofaa vazirligi tasarrufidagi 14 ta poligon Qurolli Kuchlarning yagona dala tayyorgarligi markaziga aylantirildi hamda boʻlinmalar tayyorgarligi uchun xalqaro talablarga mos ravishda barcha shart-sharoitlar yaratildi. Ularning barchasida UUA va dronlarni boshqarish boʻyicha oʻquv nuqtalari tashkil qilindi. “Forish”, “Maydon”, “Baxmal”, “Pachkamar”, “Shorsu” va “Tolmozor” poligonlari xalqaro talablarga mos ravishda zamonaviy koʻrinishda barpo etildi.

    Dala-oʻquv maydonlari tank ekipajlarini majmuaviy tayyorlash, guruh qurollaridan oʻq otish boʻyicha 23 toʻplamdan iborat panoramali kompyuterlashtirilgan nishonlarni harakatga keltiruvchi moslamalar va oʻq otish kabi oʻquv trenajyorlari bilan taʼminlandi.

    2024-yilda Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari Radiolokatsiya stansiyalari mutaxassislarini oʻqitish va qayta tayyorlash markazining faoliyati yoʻlga qoʻyilib, oʻquv markazlari soni 20 taga yetkazildi. Oʻtgan yil davomida ularda Mudofaa, Ichki ishlar hamda Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, DXX, Milliy gvardiyadan 37 ta jangovar mutaxassislik boʻ­yicha jami 11 mingdan ortiq harbiy xizmatchi malaka oshirdi.

    Ilgʻor tajriba tahlili va xalqaro hamkorlik

    Jangovar harakatlarni olib borishning zamonaviy yondashuvlari, usul va uslublarini tahliliy oʻrganish maqsadida xalqaro harbiy hamkorlik rejasiga binoan, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari turli darajadagi xalqaro simpozium va konferensiyalarda, taktik, operativ va strategik oʻquvlarda ishtirok etdi.

    Xalqaro harbiy hamkorlik rejalari doirasida 2024-yil davomida qoʻshinlarda mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha ilgʻor xorijiy armiyalar bilan hamkorlikda 30 dan ortiq tadbir oʻtkazildi. Turkiya, AQSH, Pokiston, Hindiston, Qozogʻiston, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ozarbayjon, Italiya Qurolli Kuchlarining maxsus boʻlinmalari vakillari, merganlari, yoʻriqchi-serjantlari va boshqa tor doiradagi mutaxassislari ishtirokida oʻtkazilgan oʻquv trening mashqlari, kurs mashgʻulotlari va taktik oʻquvlar harbiy xizmatchilarning kasbiy malakasini oshirish va tajriba almashish imkonini berdi. Shaxsiy tarkibni zamonaviy jangovar harakatlarga tayyorlash, jangni olib borish va boshqarish boʻyicha qoʻshimcha bilim va koʻnikmalarga erishildi.

    Hozirgi zamon qurolli toʻqnashuvlarining tahlili va rivojlangan xorijiy armiyalar ilgʻor tajribasidan kelib chiqib, qator bosh­qaruv hujjatlari, xususan, boʻlinmalarning yangi taktik usul va uslublarida jang olib borishga yoʻnaltirilgan jangovar algoritm, pulemyotchi kursi, otishning taktik va texnik elementlarini oʻrganish kursi, niqoblanish boʻyicha qoʻllanma, shahar va togʻ sharoitida jang qilish qoʻllanmalari, quruqlikdagi qoʻshinlarning jangovar nizomlari hamda barcha qoʻshin turlari boʻlinmalari uchun oʻquv dasturlari yangi tahrirda ishlab chiqildi va qoʻshinlar faoliyatiga tatbiq etildi.

    Sunʼiy intellekt, robot, raketa, dron...

    Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalarida intellektual jihatdan yetuk, strategik fikrlay oladigan kadrlarni tayyorlashga urgʻu berilmoqda.

    Harbiy sanʼat shiddat bilan oʻzgarib borayotgan hozirgi kunda harbiy kadrlarning jismoniy tayyorgarligi va gʻoyaviy-mafkuraviy immunitetini oshirish, IT va zamonaviy texnologiyalarni qoʻllay oladigan, tezkor qaror qabul qilish qobiliyatiga ega ofitserlarni tayyorlash borasida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, turli tahdid va xavflarni hamkorlikda bartaraf etish maqsadida kuch tuzilmalari bilan birgalikda kursant va tinglovchilar oʻrtasida 9 marotaba ikki pogʻonali qoʻshma qoʻmondonlik oʻquvi hamda 2-marta strategik harbiy ish ­oʻyini oʻtkazildi.

    Qurolli Kuchlar akademiyasida real sharoit­larga moslashtirilgan operativ-taktik vazifalar hamda kursant va tinglovchilar dunyo­qarashini kengaytirish maqsadida zamonaviy dasturlar ishlab chiqildi. “Xavfsizlik asos­lari. Xavf va tahdidlar. Milliy manfaat­lar”, “Sunʼiy intellekt va uning harbiy sohada qoʻllanilishi” kabi fakultativ kurslar yoʻlga qoʻyildi.

    Hozirgi zamonaviy qurolli toʻqnashuvlarda sunʼiy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi kurash vositalari keng qoʻllanilmoqda. Globallashuv va gibrid urushlar kechayotgan jarayonda axborot texnologiyalari, dronlar va ularga qarshi kurashish sir-asrorlarini chuqur oʻrganish maqsadida xorijlik hamkorlar bilan barpo etilgan kiberxavfsizlik, dasturlash laboratoriyalarida maxsus oʻquv kurslari dasturlari boʻyicha jiddiy ishlar olib borilishi yoʻlga qoʻyildi.

    Mudofaa vazirligi qoʻshinlari — matonat va fidoyilik maktabi

    Hozirgi kunda jahon axborot makonida keskin kurash ketayotgan bir paytda axborot xavfsizligini taʼminlash, yoshlarning maʼnaviyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini mustahkamlash dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.

    2024-yilda shu yoʻnalishda qabul qilingan bir qator hujjatlar asosida qoʻshinlarda maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi borasidagi ishlar yangi sifat bosqichiga koʻtarildi.

    Dunyoda roʻy berayotgan qurolli mojarolarda aynan “ruhiy resurs” jang taqdirini hal qilmoqda. Shu bois, “Chirchiq” poligonida “Askarlarni ruhiy chiniqtirish yoʻlagi”, “Nukus” va “Fargʻona” poligonlarida “Axloqiy-ruhiy tayyorgarlik shaharchasi” barpo etildi. Res­publika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan birgalikda “Harbiy xizmatchi maʼnaviya­ti” modeli hamda “Gʻoya­viy jangchi” konsepsiyasi ishlab chiqilib, ­amaliyotga kiritildi. Istiqbolda ilgʻor ­xorijiy tajriba asosida ­psixologik laboratoriya tashkil etilib, jangovar ruhni oshirish hamda psixologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar oʻtkaziladi.

    Harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-­maʼrifiy saviyasini oshirish borasida hozirgi davrgacha yozuvchi va shoirlar, olimlar, fan va sanʼat arboblari ishtirokida 33 mingga yaqin maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbir, shuningdek, Mudofaa vazirligiga biriktirilgan 1 million yosh bilan tegishli tashkilotlar hamkorligida “mahallabay” tizim asosida 175 mingdan ortiq tadbir tashkil qilindi.

    Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, “Jizzax tajribasi” asosida mamlakat boʻylab 56 marotaba “Jasorat maktabi” harbiy-­oʻquv yigʻinlari oʻtkazildi. ­Mazkur yigʻinlarga jami 5,5 mingdan ziyod ­uyushmagan va profilaktik hisobda turgan yosh jalb etildi.

    300 mingdan ortiq oʻquvchi-yoshni birlashtirgan “Vatan tayanchi” harakati aʼzolari ishtirokida 25 mingga yaqin harbiy-vatanparvarlik va mehr-saxovat tadbiri oʻtkazildi. Oʻtgan yil yozida Qozogʻistonda oʻtkazilgan xalqaro harbiy-vatanparvarlik musobaqasida “Vatan tayanchi” jamoamiz 52 ta jamoa orasida faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

    Askar va kursantlar oʻrtasida ilk bor “Amir Temur izdoshlari”, “Boburning jang sanʼati”, jadidchilik harakati va namoyandalari faoliyatini oʻrganishga qaratilgan ­“Jadidlar — millat fidoyilari” kabi tanlovlar jamoatchilik vakillari va olimlar hakamligida oʻtkazildi.

    Davlatimiz rahbari topshirigʻiga binoan, siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayotini oʻrganish va xotirasini abadiylashtirish boʻyicha qator samarali ishlar davom ettirilmoqda.

    Milliy qoʻshin tuzish orzusida oʻtgan ota-bobolarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida ishchi guruhlar tomonidan arxivlarda saqlanayotgan mingdan ortiq ish jildi oʻrganilib, ular asosida qatagʻon qurboni boʻlgan jami 1105 nafar, jumladan, otuvga hukm qilingan 157 nafar, uzoq muddatga qamalgan 535 nafar, quloq qilingan 109 nafar, mol-mulki musodara qilingan 193 nafar, 1953-yildan keyingi davrda oqlangan 111 nafar oʻzbekistonlik shaxsning roʻyxati shakllantirildi.

    Bir guruh olim va tadqiqotchilar tomonidan harbiy jadidlar faoliyati chuqur oʻrganilib, “Harbiy jadidlar xotirasi barhayot” kitobi nashr etildi. Kitobda 1924-1938-yillarda milliy armiyani barpo etish yoʻlidagi qarashlari uchun qatagʻon qilingan jadidlar va oʻzbek harbiylarining faoliyati aks etgan maʼlumotlar, arxiv hujjatlari va ilmiy ishlar jamlangan.

    Beqiyos jasorat qalblarda mangu...

    Dunyo ahlini qaygʻuga solib, insoniyat tarixiga qora dogʻ boʻlib tushgan Ikkinchi jahon urushi, afsuski, Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan ­gʻalaba sanasi Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanadi. Davlatimiz rahbarining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga koʻrsatilayotgan ehtiromning yana bir yorqin ifodasi boʻldi.

    Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va munosib nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida yurtimizda davlat va jamoat arboblari, faxriylar, fan, madaniyat va sanʼat namoyandalari, yoshlar, shu jumladan, harbiy xizmatchilar hamda “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati aʼzolari ishtirokida “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yoʻlidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida mardlik va jasoratning ahamiyatini targʻib qilishga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

    Qutlugʻ sana munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylariga pul mukofotlari, “Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medali, tabriknoma va sovgʻalar topshirilmoqda.

    Biz el-yurt tinchligi uchun kurashgan ota-bobolarimiz hamda yurtdoshlarimizning beqiyos jasorati, temir irodasi va fido­yiligini har doim xotiramizda saqlaymiz. Shu aziz xotira oldida bosh egamiz, fidoyi qahramonlarning muborak nomlari hamisha yuragimizda yashaydi.

    Ijtimoiy muhofaza

    Harbiy xizmatchilar va oila aʼzolarining ijtimoiy muhofazasi borasidagi davlat dasturlari ijrosi yuzasidan ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2024-yilda 9 ta xizmat uyi hamda ipoteka krediti asosida 29 ta koʻp qavatli uy qurilib, 1,5 mingga yaqin harbiy xizmatchi uy-joy bilan taʼminlandi. Harbiy xizmatchilarning 839 nafar farzandi imtiyozli tizim asosida eng nufuzli oliygohlarga oʻqishga qabul qilindi.

    Yil davomida harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari va soha faxriylarining ijtimoiy himoyasi eʼtiborimiz markazida boʻldi. Xususan, harbiy xizmatchilarning 850 nafar rafiqasi va 315 nafar harbiy pensioner ish bilan taʼminlandi.

    Davlatimiz rahbarining 2025-yil 24-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritildi:

    — 2025-yil 1-martdan harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun toʻlanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 20 foiz oshirildi;

    — 2025-yil 1-iyundan qonunchilik hujjatlariga muvofiq, tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish koʻrsatkichlari asosida uy-joy bilan taʼminlanadigan, kalendar hisobida 10 yildan ortiq harbiy xizmatni oʻtagan harbiy xizmatchilarga turar joy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joy hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilandi.

    Oʻzbekiston Prezidentining 2005-yil 30-iyundagi tegishli qaroriga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, 2025-yil 1-martdan yil yakunigacha Qurolli Kuchlarning kontrakt boʻyicha xizmat qilayotgan, amaldagi sarf-xarajatlar doirasida turar joy bilan taʼminlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilariga turar joyni ijaraga olganlik uchun:

    — Toshkent shahrida — BHMning 4,8 baravarigacha miqdorda;

    — Nukus shahri va viloyatlar markazlarida — BHMning 3,6 baravarigacha miqdorda;

    — boshqa shaharlar, tuman markazlari va aholi punktlarida — BHMning 2,4 baravarigacha miqdorda har oylik pul kompensatsiyasi toʻlovlari belgilandi.

    Oila aʼzolari 3 kishi va undan ortiq boʻlgan taqdirda harbiy xizmatchilarning ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foiz oshirildi.

    2026-yildan har yili har oylik pul kompensatsiyasi toʻlovlari miqdori hududlar kesimida turar joy ijarasining bozor narxlaridan kelib chiqqan holda hukumat qarori bilan belgilab boriladi.

    “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilish kerak” tamoyiliga asosan, 2024-yilda fuqarolarni qabul qilish va muammoli masalalarini hal etish boʻyicha samarali choralarni koʻrish boʻyicha yuzlab shaxsiy va sayyor qabullar oʻtkazildi. Mazkur qabullarda koʻp­lab fuqarolarning muammolari oʻrganilib chiqildi va hal qilish boʻyicha manzilli ­choralar koʻrildi.

    Koʻrsatilayotgan bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun harbiylar, ularning oilalari va faxriylarimiz tomonidan Prezidentimizga alohida minnatdorlik bildirilmoqda.

    Qoʻshinlarimizning haqiqiy kuch-qudrati zamonaviy texnika yoki qurol-aslahada emas, avvalo, yuragida Vatanga sadoqat va fidokorlik hissi joʻsh urib turgan yoshlar, oddiy askar, serjant va ofitserlarimizning mustahkam irodasi, aql-zakovatida namoyon boʻladi. Biz buni chuqur his etgan holda ezgu va sharafli maqsad — ona Vatanimiz xavfsizligi, xalqimiz osoyishtaligi yoʻlidagi barcha topshiriqlarni vijdonan va yuksak masʼ­uliyat bilan bajarishga, xalqimiz va ­Prezidentimiz ishonchini oqlashga vaʼda ­beramiz!

    Shuxrat XALMUXAMEDOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri,

    general-mayor