Hozir yozning ayni chillasi. Jazirama kunlarda koʻp odamlar, ayniqsa bolalar va oʻsmirlar suv havzalarida maroqli vaqt oʻtkazishni istaydi. Ammo bu mashgʻulot, avvalo, ehtiyotkorlikni talab qiladi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan yangi hisobot choʻmilish chogʻida xavfsizlik qoidalariga amal qilish qanchalar muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi. Qayd etilishicha, dunyo boʻyicha yiliga 236 mingga yaqin kishi choʻkish oqibatida halok boʻlmoqda.

Bu koʻrsatkich soʻnggi oʻn yillikda jami 2,5 million nafarga yetgan. Mazkur noxush holatlarning katta qismi past va oʻrta daromadli mamlakatlar hissasiga toʻgʻri kelyapti. Choʻkish tufayli hayotdan koʻz yumganlarning eng katta qatlami — bir yoshdan toʻrt yoshgacha boʻlgan bolalar. Ikkinchi oʻrinda besh yoshdan toʻqqiz yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar qayd etilgan.

Tahlillarga koʻra, kichkintoylar oʻlimiga sabab boʻlgan omillar orasida choʻmilish, havzalar va quduqlardan maishiy maqsadlar uchun suv olish, qayiqda suzish, baliq ovlash, shuningdek, boʻron, toʻfon kabi tabiiy hodisalar yetakchilik qiladi. Qolaversa, bolalarni suv havzalari yaqinida qarovsiz qoldirish ham choʻkish koʻrsatkichlari oshishiga olib kelgan.

JSST ekspertlarining xulosa qilishicha, bu muammoning samarali yechimlari mavjud. Masalan, choʻmilish havzalariga toʻsiqlar oʻrnatish, suvga tushishni nazorat qilish, bolalarda suzish bilan birga, qutqaruv va birinchi tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmalarini shakllantirish oʻlimlar sonini kamaytirishiga xizmat qiladi. 

Ana shu yoʻnalishga sarmoya yoʻnaltirish natijasida 2050-yilga borib, 774 ming nafardan ortiq bolalar hayotini, 178 mingta nogironlik holatining oldini olish mumkin.