Dunyodagi eng yirik va kichik ilonlar

    Bilasizmi? 26 Mart 2023 7958

    Haqiqatan ham kishiga g‘alati taassurot qoldiradigan “eng katta ilonlar”ning deyarli barchasi Gollivud filmlarida “yashaydi”.

    Biroq real hayotda ham ba’zi ilon turlari aql bovar qilmaydigan darajada katta yoki juda kichkina bo‘lishi mumkin.

    Ulardan eng uzuni - pitonlar 6,5 metrdan oshadi, 10 metrgacha yetgan ilonlar haqidagi tasdiqlanmangan dalillar mavjud. Eng kichigi esa arang 10 santimetrga yetadi. 2017 yilda Indoneziyada meva yetishtiruvchi fermerning jasadi 7 metr uzunlikdagi piton ichidan topilgan. Qishloq ahli fermerning tuflisi topilgan joy yonida shishib ketgan “beso‘naqay sirpanayotgan” ilonni ko‘rib xavotirga tushishadi...

    Quyida hozirgi kungacha qayd etilgan eng katta va eng kichik ilonlarni topasiz. Ular haqiqatan ham kishini hayratlantiradi!

    To‘rsimon piton

    Hozirgi kunda tirik eng uzun ilon Kanzas Siti shahridagi ko‘ngilochar bog‘ yashovchisi Meduza ismli to‘rsimon pitondir. Meduzaning uzunligi 8,5 metr, og‘irligi esa taxminan 160 kilogrammni tashkil qiladi. Unga taxminan ikki haftada bir marta oziqlanish uchun uncha katta bo‘lmagan kiyik beriladi. Pitonlar o‘z o‘ljasini avval tishlab, keyin butunlay yutib yuboradi. 1912 yilda uzunligi 10 metrga yetgan rekordchi to‘rsimon piton otib o‘ldirilganligi haqida ma’lumot bor.

    Anakonda

    Bu o‘ziga xos bu ilonlarning uzunligi 9 metrga, og‘irligi 230 kilogrammgacha yetadi. 2016 yilda Braziliyada o‘n metrlik anakonda topilgani haqidagi xabar tarqalgan. Anakondalar janubiy Amerika daryolarida suzmaslik uchun yaxshi sababdir. Ular asosan shu yerlarda yashaydi. Haybatli o‘lchamlari tufayli quruqlikda tez ko‘zga tashlanadi, lekin suvda deyarli ko‘rinmaydi; o‘ljalariga yetib bo‘ladigan darajagacha harakatsiz turadi. Aksariyat ilonlarda bo‘lgani kabi, urg‘ochi anakondalar erkaklaridan kattaroq. Bolalari ona tanasi ichida tuxumdan chiqadi, mohiyatan ilon tirik nasl tug‘adi. Homiladorlikning yetti oyi davomida ovqatsiz qolgan ona tirik tug‘ilmagan bolalarini yeb qo‘yadi.

    Titanoboa Cerrjoensis

    Hozirgacha ma’lum bo‘lgan eng katta ilon bundan 60 million yil oldin yashagan Titanoboadir. Kolumbiyadagi ko‘mir konlarida uzunligi 13 metr, og‘irligi esa taxminan 1,1 tonna bo‘lgan ilonning toshga aylangan qoldiqlari topilgan. Olimlarning fikriga ko‘ra, titanoboa o‘z davrining o‘ta xavfli yirtqichi bo‘lgan va anakonda singari ko‘p vaqtini suvda o‘tkazgan. Jag‘ining tuzilishi va ko‘plab tishlari uning baliq tutgani, shuningdek, timsohlar va toshbaqalar bilan oziqlanganini ko‘rsatadi.

    Sayyoradagi eng mayda ilon

    2008 yilda Barbados (Karib dengizi) orolida amerikalik biolog Bler Hej tomonidan kashf etilgan Barbados tor og‘izli ilon (Tetracheilostoma carlae) sayyoradagi eng mayda ilon bo‘lib, uning uzunligi 10 santimetrdan oshmaydi. Bu ilonlar jigarrang, yaltiroq, tananing butun uzunligi bo‘ylab bir xil diametrga ega va yomg‘ir chuvalchangini eslatadi. Torog‘iz ilonlar tuzilishi tufayli o‘z nomini olgan – barcha vazifalarni tishlar joylashgan pastki harakatlanuvchi jag‘ bajaradi. Yuqori jag‘ida esa tishlar umuman yo‘q.

    Bu ilonlar ikkilamchi o‘rmonlarda yashaydi. Ular termitlar, chumolilar va ularning tuxumlari bilan oziqlanadi va yer osti, ovloq joylarda vaqt o‘tkazishni afzal ko‘radi, yomg‘ir chuvalchangi kabi uya qazishadi. Urg‘ochisi ko‘payish paytida bitta katta tuxum qo‘yadi – tug‘ilgan ilonbolaning uzunligi 5 santimetrga yetadi.