Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amaliy tashrifi doirasida o'tkazgan bir qator rasmiy uchrashuvlari, ummon orti mamlakatida yashayotgan vatandoshlarimiz va “El-yurt umidi” jamg'armasi stipendiatlari bilan muloqoti, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo'shma Shtatlari etakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammiti, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi nutqida bildirilgan fikrlar, o'rtaga tashlangan taklif va tashabbuslar dunyo ekspertlari, ommaviy axborot vositalari nigohida va muhokama maydonida bo'lib turibdi.
Xalqaro ekspertlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga bu galgi amaliy tashrifini uchrashuvlarga nihoyatda boy va samarali bo'lgani bilan tarixiy ahamiyatli, deb baholamoqda.
Bunga asoslar bor. Birinchidan, O'zbekiston etakchisi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy ahamiyatga ega bo'lgan 18 ta muhim nufuzli uchrashuv o'tkazdi. Ikkinchidan, BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida zamonaviy dunyo oldida turgan eng dolzarb muammolarni ko'tarib, ularning echimlarini ham ko'rsatib berdi. Uchinchidan, Markaziy davlatlarining o'zaro bog'liqlikda rivojlanish printsiplari haqida nihoyatda ishonchli fikrlar aytib, qat'iy pozitsiyasini bildirdi.
Bularni nazardan qochirmagan “Forbes” jurnalida davlatimiz rahbarining mintaqada biznes, chegara va savdo ochilishini faollashtirib, Markaziy Osiyo mamlakatlarini integratsiyalash harakatlarida markaziy shaxsga aylangani alohida e'tirof etildi. Maqolada O'zbekiston bugun Sharq va G'arb, Shimol va Janubni bog'lovchi yirik transport markaziga aylanayotgani ta'kidlab o'tildi.
Prezidentimizning BMT minbarida so'zlagan tarixiy nutqida 10 ta muhim talqinni ko'rishimiz mumkin.
Bular quyidagilarda aks etadi:
– xalqaro munosabatlar tizimida fundamental o'zgarishlar yuz berayotgani haqidagi o'tkir va inkor qilib bo'lmas fikrlar;
– birdamlikda rivojlanishga da'vat;
– inson huquqlarini himoya qilish yo'lidagi sa'y-harakatlar;
– Markaziy Osiyoda yaxshi qo'shnichilik munosabatlari talqini;
– yoshlar siyosati;
– xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi;
– iqlim o'zgarishi bilan bog'liq muammolar talqini;
– ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash;
– diniy toqatsizlik va islomofobiya holatlariga yo'l qo'ymaslik;
– Afg'oniston muammosi.
Mana shu o'nta muhim masala bugungi va ertangi hayotimizni tubdan o'zgartirishi mumkin bo'lgan hayot-mamot masalasi sifatida talqin qilindi, ularning har biri bo'yicha nihoyatda dolzarb fikrlar, echimlar bildirildi.
Prezident nutqida mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham gapirdi. Jumladan, “Inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash — O'zbekiston o'z oldiga qo'ygan strategik vazifalardan biridir. Biz hamma uchun ochiq va sifatli ta'limni kambag'allikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o'sishga erishishning eng samarali omili, deb bilamiz”, dedi davlatimiz rahbari.
Bu O'zbekiston o'z oldiga qo'ygan strategik yo'nalishlardan biri sifatida ulug'vorlik kasb etdi. Bunda o'lkamizdagi gender tenglikka erishish yo'lida qilinayotgan ishlar alohida ta'kidlab o'tildi. Jumladan, o'tgan yili oliy ta'lim muassasalariga qabul qilingan talabalarning 49 foizini qizlar tashkil etgani va davlat boshqaruv organlaridagi ayollarning o'rni 35 foizga etgani ma'ruzada alohida ta'kidlanishi muhim ahamiyatga ega bo'ldi.
Ta'lim-tarbiya haqida so'z ketganda, aytish zarurki, har bir mamlakatning mintaqadagi, kerak bo'lsa, dunyo miqyosidagi nufuziga ta'sir ko'rsatuvchi muhim omillardan biri ta'lim va uning sifatidir. Yangi O'zbekiston nufuzini xalqaro maydonda yuqori ilmiy salohiyat bilan namoyon etish, dunyoning eng rivojlangan davlatlari bilan raqobatlasha oladigan kadrlar etishtirish yo'lida so'nggi 6 yil davomida mamlakatda katta qadamlar tashlandi, ayniqsa, oliy ta'lim tizimi yangitdan isloh etildi. Oliy ta'lim muassasalari yurtimiz kelajagi salohiyatli, ilm-fan, madaniyat, texnika yangiliklarini o'z faoliyati davomida qo'llay oladigan, nazariy va amaliy muammolarni bartaraf etishga qodir kadrlar etkazib beruvchi maskanga aylandi.
Bugun mamlakatimizda har bir oliygoh uchun jahonning etakchi ilmiy-ta'lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatish, o'quv jarayoniga xalqaro ta'lim standartlariga asoslangan ilg'or pedagogik texnologiyalar, o'quv dasturlari va o'quv-uslubiy materiallarni keng joriy qilish, yosh o'qituvchi va ilmiy xodimlar malakasini oshirishi uchun ularni xorijiy muassasalarga yuborish imkoniyati oshirildi. Xalqaro darajada amaliyotga tatbiq etilayotgan yangidan-yangi loyihalar, kelishuvlar yoshlarning jahon andozalariga mos bilim va salohiyatga ega bo'lishi, zakovatli yoshlar sifatida kamol topishi, ularning o'z ijodiy va intellektual salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun xizmat qilmokda.
AQSHga amaliy tashrif doirasida O'zbekiston Prezidentining bu mamlakatda yashayotgan va ishlayotgan bir guruh vatandoshlarimiz hamda etakchi oliy ta'lim dargohlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg'armasi stipendiatlari bilan uchrashuvi yoshlarimiz qaerda bo'lmasin davlat rahbarining g'amxo'rligi va e'tiborida ekanligini yaqqol ifoda etdi.
Uchrashuvda davlatimiz rahbarining “Bugun shu erdagi har bir o'zbekistonlikda kuchli Vatan hissi va uning rivojiga hissa qo'shish ishtiyoqini ko'rib, juda xursand bo'ldim. Sizlarni O'zbekistonda kutib qolamiz” degan so'zlari har bir vatandoshimiz qalbiga chuqur muhrlandi. Besh soatga yaqin davom etgan ochiq muloqot yoshlarimiz qalbida ertangi kunga bo'lgan ishonchni mustahkamladi. O'zbekiston rahbari bilan ko'tarinki ruhda o'tgan suhbat ularning hayotida yangi sahifalar ochgani shubhasiz.
Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor.